Jahon | 23:39 / 10.11.2019
3834
2 daqiqa o‘qiladi

Boliviyada noroziliklar ortida prezident saylovlari qayta o‘tkazilishi e'lon qilindi 

Boliviya prezidenti Evo Morales mamlakatda yangi prezident saylovlari bo‘lib o‘tishini e'lon qildi.  

“Men Boliviya xalqi yangi hukumatini saylay olishi uchun yangi saylovlar o‘tkazilishini e'lon qilaman”, deb aytgan Morales. Biroq prezident saylovlar qachon o‘tkazilishiga aniqlik kiritmagan.

2006 yildan beri mamlakatni boshqarib keladigan Morales yangi saylovlarni oliy saylov sudining (saylov komissiyasi) yangi tarkibi o‘tkazishini ma'lum qilgan. U, shuningdek, keskinlik darajasini kamaytirishga chaqirgan.

“Men barcha keskinlik darajasi pasayishi uchun imkoni bor ishni qilishini istayman. Men barchani tinch-osuda yashashni kafolatlashga chaqiraman”, deb qo‘shimcha qilgan Morales. 

Boliviyada 20 oktyabrda prezident saylovlari bo‘lib o‘tgandi. Unda amaldagi prezident Evo Morales g‘alaba qozongandi. Biroq uning asosiy raqibi – sobiq prezident Karlos Mesa Moralesning 1-turda g‘olib bo‘lganini tan olmasligini aytgan.

Morales prezident deb e'lon qilingach, mamlakatda norozilik namoyishlari boshlangan. Namoyishchilar hukumatni saylovlarda firibgarlik qilganlikda ayblagan. Shundan keyin Morales favqulodda vaziyat tartibini e'lon qilgan va muxolifatni davlat to‘ntaruvini amalga oshirishga urinishda ayblagan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid