Jahon | 12:21 / 20.10.2025
2037
2 daqiqa o‘qiladi

Boliviyadagi prezidentlik saylovida Rodrigo Pas g‘alaba qozondi

Rodrigo Pasning g‘alabasi Boliviyadagi siyosiy burilishdan dalolat beradi. Qariyb 20 yil davomida so‘llar hukmronlik qilgan mamlakat xristian-demokratlar yetakchiligida yangi kursga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Foto: Jorge Mateo Romay Salinas/Anadolu/picture alliance

Boliviyada 19 oktyabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida senator Rodrigo Pas Pereyra g‘alaba qozondi va bu mamlakatda qariyb yigirma yillik so‘lchilar hukmronligiga yakun yasadi. Saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Partido Democrata Cristiano markazchi xristian-demokratik partiyasidan nomzod «inkor etib bo‘lmas ustunlik»ka ega bo‘lib, taxminan 55 foiz ovoz oldi.

Ko‘p yillar davomida Boliviyaning siyosiy hayoti sobiq prezident Evo Morales va iste’foga chiqayotgan prezident Luis Arce o‘rtasidagi raqobat bilan belgilandi. Ikkalasi ham Movimiento al Socialismo (MAS) so‘l partiyasining vakili edi.

58 yoshli g‘olib, oddiygina Pas nomi bilan tanilgan siyosatchi La-Pasdagi mitingda shunday dedi: «Bugun Boliviya yechimlarni olib keluvchi hukumat paydo bo‘lishiga ishonishi mumkin. Bosqichma-bosqich Boliviya o‘zining xalqaro rolini tiklaydi». Uning raqibi, Libertad y Democracia o‘ng konservativ partiyasidan sobiq prezident Xorxe Kiroga Pasni tabrikladi, ammo natijalar rasmiy e’lon qilinishini kutayotganini ta’kidladi.

Lotin Amerikasidagi eng ko‘zga ko‘ringan so‘l yetakchilardan biri Evo Morales konstitutsiyaviy cheklovlar tufayli yana prezidentlikka nomzodini qo‘yishdan mahrum bo‘ldi, Arce esa reytingi pasaygan bir paytda o‘z nomzodini qaytarib oldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid