Jamiyat | 11:50 / 10.11.2019
100231
4 daqiqa o‘qiladi

IIV Samarqanddagi ommaviy mushtlashuv sababiga aniqlik kiritdi

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati shu yilning 6 noyabrida Samarqand shahridagi qurilish maydonida mahalliy va turkiyalik quruvchilar o‘rtasida ro‘y bergan ommaviy mushtlashuv bo‘yicha munosabat bildirib, yangi tafsilotlarni e'lon qildi.

Foto: IIV axborot xizmati

«Fuqarolardan, mazkur holatning barcha tafsilotlari aniqlanib, tergov yakuniga ko‘ra to‘liq axborot berilishiga qadar, ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan video tasvirlarga nomaqbul izohlar berishlaridan o‘zlarini tiyishlari so‘ralgan edi.

Afsuski ayrim ijtimoiy tarmoqlarda, bo‘lib o‘tgan voqeani bo‘rttirib ko‘rsatish, O‘zbekiston fuqarolarini millatchilikda ayblash hamda o‘zbek-turk munosabatlariga sovuqchilik tushirish maqsadida, bo‘lib o‘tgan hodisaga go‘yoki «Turk ishchilari oshxonada ishlaydigan mahalliy ayolni zo‘rlaganligi oqibatida» yoki «Janjal mahalliy ishchilarning o‘zlari va turklarga ayni ish uchun berilayotgan oyligidagi katta farqidan kelib chiqqan» degan vajlarni keltirish holatlari kuzatildi.

Voqeadan bexabar ayrim fuqarolar ushbu vajlarga berilib, salbiy izohlarni tarqalishiga sababchi bo‘lmoqda.

Ma'lum qilamizki, 2019 yilning 6 noyabr kuni Samarqand shahar, Qorasuv massivi Obod Maskan mahallasi hududida «Agromir Bilding» MChJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavvatli uylarning qurilish maydonida qurilish-montaj ishlarini olib borayotgan, Turkiya va O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasidagi kelishmovchilik oqibatida, o‘zaro tan jarohatlari yetkazilgan.

Surishtiruv jarayonida, mazkur janjal 1996 yilda tug‘ilgan, Payariq tumani «Toxirshayx» mahallasida yashovchi, yakka tartibda mavsumiy mehnat bilan shug‘ullanuvchi o‘zbek fuqarosi S.P. «Agromir Bilding» MChJ tomonidan yollangan quruvchi-montajchi bir necha turk fuqarolari bilan olovda isinish bahonasidan kelib chiqqanligi, shundan so‘ng u avjiga chiqib, yuzaga kelgan janjalga qurilishga yollangan boshqa O‘zbekiston fuqarolari aralashib bir-birlariga tan jarohatlari yetkazishgani aniqlandi.

Ma'lum qilamizki, qurilish ishlariga 1 800 nafardan ortiq O‘zbekiston hamda 200dan oshiq Turkiya davlati fuqarolari jalb etilgan.

Ushbu holat natijasida Turkiya davlati fuqarolaridan to‘rt nafari va mahalliy fuqarolardan bir nafari yengil tan jarohati olgan.

Surishtiruv jarayonida shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Turkiya fuqarolaridan 4 nafari jabrlanuvchi, 11 nafari janjalda ishtirok etgan faol guvoh tariqasida ushbu jinoyat ishiga jalb etilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonning 7 nafar fuqarosi jabrlanganligi, jinoyat ishidagi ishtirokchilik va ayblilik darajasiga tergov harakatlari davomida to‘liq aniqlik kiritiladi.

Holat yuzasidan Samarqand viloyati mutasaddi xodimlari tomonidan ishchilar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilgan», deyiladi xabarda.

Foto: IIV axborot xizmati

6 noyabr kuni Samarqand shahar Qorasuv massivi Obod Maskan mahallasi hududida «Agromir Bilding» korxonasi tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning qurilish maydonida qurilish-montaj ishlarini olib borayotgan ishchilar o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik oqibatida janjal kelib chiqqan edi.

Dastlabki xabarlarda turkiyalik quruvchilar tomonidan qurilayotgan uylarda ishlayotgan mahalliy quruvchilardan 5 nafari is gazidan zaharlanib og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani ushbu janjalga sabab bo‘lgani aytilgandi.

Mavzuga oid