O‘zbekiston | 22:25 / 12.11.2019
11383
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekiston uchun bojxona imtiyozlarini saqlab qoldi

Foto: AQSh Davlat departamenti

AQSh Savdo vakolatxonasi (USTR) O‘zbekistonda intellektual mulk himoyasi masalasidagi eshituvlarni to‘xtatdi va mamlakat tovarlarining Qo‘shma Shtatlarga bojsiz olib kirilishi tartibini saqlab qolishga qaror qildi.

Ayni paytda, O‘zbekistonda ishchilar huquqlari va bola mehnatiga oid xalqaro me'yorlarga amal qilinishi masalasi AQSh Savdo vakolatxonasida hamon ochiq qolmoqda. Bu haqda USTR rasmiy saytida ma'lum qilingan.

Qayd etish joiz, AQShda 1974 yilda qabul qilingan «Savdo to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, rivojlanayotgan davlatlarga nisbatan umumlashtirilgan preferensiyalar tizimi (GSP) tatbiq etiladi. Unga asosan, yuzdan ortiq davlatlar minglab turdagi mahsulotlarini Qo‘shma Shtatlar hududiga import bojlarisiz olib kirishi mumkin. Mazkur benefitsiarlar ro‘yxatiga 1994 yilda O‘zbekiston ham kiritilgan.

1999 yilda Intellektual mulk xalqaro alyansi (IIPA) nohukumat tashkiloti O‘zbekistonda intellektual mulk adekvat darajada himoya qilinmasligi da'vosi bilan chiqqan va shu sababli mamlakatga nisbatan GSP imtiyozini bekor qilishni so‘rab, AQSh Savdo vakolatxonasiga murojaat qilgan edi.

Oradan 20 yil o‘tib, 2019 yil 25 oktyabrida Savdo vakolatxonasi mazkur masala bo‘yicha eshituvlarni to‘xtatishi va O‘zbekiston uchun bojxona imtiyozlari saqlab qolinishini ma'lum qildi. Bayonotda aytilishicha, bunga O‘zbekistonning fonogramma huquqiga oid Jyeneva konvensiyasiga qo‘shilgani, Butunjahon intelluktual mulk tashkilotining Ijrolar va fonogrammalar bo‘yicha hamda Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi shartnomalarini ratifikatsiya qilgani sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan ma'lum qilishlaricha, tomonlarning asoslari 2018 yil noyabr oyidagi eshituvlarda ko‘rib chiqilgan, unda O‘zbekiston tomonidan mamlakatning Vashingtondagi elchixonasi qatnashgan edi.

«Savdo vakolatxonasining bosh ofisi vakillari ko‘rsatib o‘tilgan konvensiyalar O‘zbekistonda izchil amalga tatbiq etilishi va mualliflik huquqini himoya qilishning samarali mexanizmlari ishlab chiqilishiga umid bildirishdi», – deyiladi O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi axborotida.

Ma'lumot uchun, USTR'da ochiq qolayotgan ishchilar huquqlari va bolalar mehnati bo‘yicha petitsiya 2007 yilda Ishchi-xodimlar huquqlarini himoya qilish xalqaro forumi (ILRF) tomonidan kiritilgan.

Mavzuga oid