Jahon | 23:26 / 13.11.2019
15483
2 daqiqa o‘qiladi

Oq uyda Erdo‘g‘an va Trampning uchrashuvi boshlandi

Vashingtonda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Turkiya prezidenti va uning rafiqasi Amina Erdo‘g‘anni Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp va birinchi xonimi Melaniya Tramp kutib olishgan.

Ikki yetakchining Oval xonadagi uchrashuvi Toshkent vaqti bilan soat 22.13da boshlangan.

Tramp muzokaralarni ochib berar ekan, uzoq vaqtdan beri Erdo‘g‘an bilan do‘stona munosabatlarda ekanini ta'kidlab o‘tgan.

AQSh prezidenti turkiyalik hamkasbiga “Suriya-Turkiya chegarasidagi vaziyat bo‘yicha kelishuvga erishilgani” uchun minnatdorlik bildirgan va Anqaraning IShIDga qarshi kurashdagi hissasiga yuqori baho bergan.

Tramp Turkiya va AQShning Suriya shimolida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga amal qilinayotganini qayd qilib o‘tgan. 

“Biz Turkiyaning muammolarini [YPG-PKK bilan] tushunamiz. Biz muhokama qilayotgan mintaqada ko‘p odam halok bo‘ldi. Biz bu borada biror chora ko‘rishimiz lozim”, deb qo‘shimcha qilgan AQSh prezidenti. 

Tramp AQSh Suriyada neft olinuvchi hududlar xavfsizligini ta'minlash uchun cheklangan miqdorda harbiylarini qoldirganini ta'kidlab o‘tgan.

“Biz siz bilan ilk kunlardanoq do‘stmiz va bir-birimizni yaxshi tushunamiz. Siz bilan uchrashuv biz uchun katta sharaf”, deb aytgan Tramp Erdo‘g‘anga.

AQSh prezidenti Vashington Turkiya bilan savdo aylanmasini 100 mlrd dollarga oshirishga tayyorligini ma'lum qilgan. “Bugungi kunda AQSh va Turkiya o‘rtasidagi savdo aylanmasi 20 mlrd dollarni tashkil qiladi. Biz bu ko‘rsatkichni yiliga 120 mlrd dollargacha yetkaza olishimizga ishonaman”, deb aytgan Tramp. 

Erdo‘g‘an o‘z navbatida barcha masalalarga Tramp bilan muzokaralar natijalari bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanda izoh berishga va'da bergan.

Mavzuga oid