09:29 / 14.11.2019
1
15607

Banklar va ularning boshqaruvchilariga jarimalar tizimi belgilandi

Foto: Shutterstock

Yangi tahrirdagi «Banklar va banklar faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun hajmi avvalgi versiyasi bilan solishtirilganda ikki baravarga ko‘paydi.

Norma’ning yozishicha, bu unga alohida normalar, masalan asosiy tushunchalar ta'riflari va boshqa umumiy qoidalar kiritilganligi, shu jumladan ularning qonunosti va idoraviy hujjatlardan o‘tkazilganligi va yangi boblar kiritilganligi bilan bog‘liqdir.

Masalan, ulardan biri prudensial talablar (kapitalning monandlik koeffitsiyenti, sohalar kesimida to‘planish, likvidlik koeffitsiyentlari va h.k.) va tavakkalchilikni boshqarishga, boshqasi – terrorizmga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishiga, uchinchisi – banklar faoliyati ustidan prudensial nazoratga (bank faoliyatining o‘ziga xos tavakkalchiliklarining oldini olish va qisqartirish maqsadida MB tomonidan amalga oshiriladi), yana biri – banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun MB tomonidan qo‘llaniladigan choralar va sanksiyalarga bag‘ishlangan.

Endi sanksiyalar turi va miqdori sodir etilgan qoidabuzarlik xususiyatiga bog‘liq bo‘ladi – ular tasniflanib, qo‘pol, jiddiy va juz'iy guruhdagi qoidabuzarliklarga bo‘lindi. Qo‘pol qoidabuzarlik uchun bankning litsenziyasi olib qo‘yiladi. Qo‘pol yoki jiddiy qoidabuzarliklar va qoidabuzarlarga nisbatan qo‘llanilgan ta'sir choralari to‘g‘risida OAVda xabar berish mumkin. Juz'iy qoidabuzarlik sodir etilganda yozma ogohlantirish bilan cheklaniladi.

Bundan buyon nafaqat banklar, balki kuzatuv kengashi a'zolari, boshqaruv va boshqarma tarkibida bo‘lmagan, biroq ularning harakatlari bank faoliyatiga jiddiy ta'sir ko‘rsata oladigan muhim ahamiyatga ega xodimlar ham jarimaga tortiladi.

Bundan tashqari, ilgari amal qilgan qonundagi qator normalarga tuzatishlar kiritildi:

• bank faoliyatini belgilaydigan tarkibiy elementlar jumlasiga bank hisobvaraqlarini ochish va yuritish kiritildi;

• bank tomonidan amalga oshiriladigan moliyaviy operatsiyalar ro‘yxati kengaytirildi: faktoring, affillangan qimmatbaho metallar va qimmatbaho tangalarni sotib olish va sotish, derivativlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish, elektron pullarni chiqarish va h.k.;

• banklar faoliyatidagi cheklovlar soni oshdi – ular yuridik shaxslarning ulushlarini yoki aksiyalarini olishi mumkin emas (ayrim holatlarda bankning birinchi darajali regulyativ kapitalining 15 foizidan oshmagan miqdorda olishi mumkin). Qimmatli qog‘ozlar bilan bitimlarni amalga oshirish, ulushlarni yoki aksiyalarni sotib olish yig‘indisi bankning birinchi darajali regulyativ kapitalining 50 foizidan oshmasligi kerak. Shuningdek bank ushbu bank ustav kapitalining 1 yoki undan ortiq foiziga egalik qiluvchi yuridik shaxsning ustav fondida ishtirok eta olmaydi;

• MBning bank aksiyalariga egalik qilishga ruxsatnomasini oldindan olishga yangicha talablar bayon etildi. Ilgari bank ustav kapitalida 20 foizigacha ulushga egalik qiladigan rezidentlar ruxsatnoma olishi talab qilinmagan bo‘lsa, bundan buyon jismoniy va yuridik shaxslar yoki birgalikda harakat qiluvchi shaxslar bir yoki bir necha bitim natijasida 5 foizidan 20 foizigacha; 20 foizidan 50 foizigacha; 50 foizi va undan ko‘proq foizni tashkil etadigan ulushni olishdan avval ruxsatnoma olishi shart. Boshqa tartib-taomillarga ham o‘zgartirishlar kiritildi: MB potensial sotib oluvchini 2 oy ichida baholashni amalga oshiradi, bu jarayon davomida undan qo‘shimcha hujjatlar va ma'lumotlar talab qilinishi mumkin, asoslangan qaror MB saytida e'lon qilinadi, dastlabki ruxsatnoma olingan kundan e'tiboran 6 oydan oshmagan muddat ichida yuridik kuchini saqlab turadi va h.k. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top