Jamiyat | 13:20 / 16.11.2019
17831
3 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Jurnalistlar Markaziy Osiyodagi yagona flizelin asosli vinil gulqog‘ozlar zavodiga tashrif buyurdi

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

Flizelin asosidagi vinil gulqog‘ozlar xonadon va ofislarni bezatishda keng qo‘llaniladi. Lekin shu kunga qadar mamlakatda ushbu mahsulotga bo‘lgan talab to‘laligicha import hisobidan qoplab kelinmoqda edi.

15 noyabr kuni “O‘zsanoatqurilishbank” tashabbusi bilan Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Pergament Quality Exclusive” korxonasiga uyushtirilgan press-turda endilikda mazkur mahsulot o‘zimizda ishlab chiqarilayotgani ma'lum qilindi.

– Korxonamiz nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoda yagona flizelin asosli vinil gulqog‘ozlar ishlab chiqaruvchi sanaladi, – deydi “Pergament Quality Exclusive” MChJ ta'sischisi Avaz G‘aybullayev. – Mahsulotlarimiz sifati Yevropa ishlab chiqaruvchilariniki bilan bir xil bo‘lishiga qaramay, bozorga chet elnikidan ikki baravargacha arzon narxda yetkazib berilmoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda O‘zbekistonga qariyb 12 million o‘ram gulqog‘oz import qilingan. “O‘zsanoatqurilishbank” moliyaviy ko‘magida endilikda “Pergament Quality Exclusive”  korxonasida yiliga 2 million 640 ming o‘ram gulqog‘oz ishlab chiqariladigan bo‘ldi.

– Bu miqdor bilan cheklanib qolmaymiz, albatta, – deydi korxona ta'sischisi jurnalistlar bilan muloqotda. – Kelgusi yildan ikkinchi liniyani ishga tushirib, ishlab chiqarish hajmini 2 baravarga oshirish niyatidamiz. Bundan tashqari, xomashyoning 30-40 foizini mahalliylashtirish, turdosh qurilish materiallarini ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ustida ishlayapmiz.

Korxona tomonidan joriy yilning yanvar-oktabr oylari davomida 39 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Qo‘shni mamlakatlarga, shuningdek, Ozarbayjon hamda Hindistonga 1,4 million AQSh dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari korxonada ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita tanishdi.

Ma'lumot uchun: Joriy yilning 1 noyabr holatiga ko‘ra, O‘zsanoatqurilishbank kichik biznes sub'yektlari loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga 5 trillion 306 milliard so‘mlik mablag‘ yo‘naltirdi.

Bank Axborot xizmati

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid