19:00 / 24.11.2019
0
8761

Federer va Zverev o‘rtasidagi tennis uchrashuvi tomoshabinlar soni bo‘yicha rekord o‘rnatdi

Shveytsariyalik afsonaviy tennischi Rojyer Federer va nemis Aleksandr Zverev o‘rtasida Mexikoda o‘tgan ko‘rgazmali tennis uchrashuvi tomoshabinlar tashrifi bo‘yicha rekord o‘rnatdi. Bu haqda ESPN telekanali xabar berdi.

Foto: EPA-EFE/Jose Mende

38 yoshli shveysariyalikning foydasiga 3:6, 6:4, 6:2 hisobida yakunlangan uchrashuvga 42517 kishi tashrif buyurgan va bu tennis uchrashuvlari uchun rekord ko‘rsatkich bo‘ldi. Uchrashuv o‘tgan, korridalar uchun mo‘ljallangan eng yirik arena “Plasa Mexiko” o‘ziga 41262 kishini sig‘dira oladi. 

Avvalgi rekord natija 2010 yilda belgiyalik Kim Kleysters va amerikalik Serena Uilyams o‘rtasidagi uchrashuvda o‘rnatilgan bo‘lib, 35681 kishi ushbu uchrashuvning bevosita guvohiga aylangandi.

Avvalroq Federer 2020 yil fevralda JARdagi 55 ming kishilik “Keyptaun” stadionida ispaniyalik Rafael Nadalga qarshi ko‘rgazmali uchrashuvda maydonga tashrif buyurish rekordini yangilamoqchiligini ma'lum qilgandi. Shuningdek, bu yerda Federer va Microsoft asoschisi Bill Geyts hamda Nadal va janubiy afrikalik komik Trevor Noa juftliklari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Ayni vaqtda Federer professional tennischilar reytingining 3-o‘rnini egallamoqda. U ATP’ning 103 ta, jumladan “Katta dubulg‘a” seriyasiga kiruvchi 20 ta musobaqa g‘olibi hisoblanadi va bu borada rekordchi hisoblanadi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top