Texnologiya | 07:35
1189
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda robot tennis o‘ynashni o‘rgandi: u 96 foiz aniqlik bilan zarbalarni qaytarmoqda

Galbot Robotics kompaniyasi X ijtimoiy tarmog‘ida inson bilan real vaqtda o‘yin paytida tennis to‘plarini 96 foiz aniqlik bilan qaytargan humanoid robot aks etgan videoni e’lon qildi. Namoyish Pekin universiteti tadqiqotchilari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan LATENT tizimi ishini ko‘rsatdi.

Foto: Galbot Robotics

Tizim insonsimon Unitree G1 roboti ustida sinovdan o‘tkazildi. U tez uchuvchi to‘plarga javob qaytarish, kort bo‘ylab harakatlanish va raqib bilan o‘yin almashinuvini davom ettirish qobiliyatini namoyon qildi.

“Ilk bor humanoid robot millisekund darajasida reaksiya, aniq zarbalar va butun tananing tabiiy harakatlari bilan yuqori dinamikali, uzoq davom etuvchi tennis o‘yin almashinuvlarini olib borishga qodir bo‘ldi”, — deyiladi Galbot xabarida.

Robotlarni sport ko‘nikmalariga o‘rgatishdagi asosiy muammolardan biri — inson harakatlari haqidagi aniq ma’lumotlar yetishmasligidir. Bu ayniqsa tennisda dolzarb, chunki o‘yinchilar katta masofalarni bosib o‘tadi, to‘p tezligi sekundiga 30 metrgacha yetishi mumkin, raketkaning to‘p bilan kontakti esa atigi bir necha millisekund davom etadi. Bu muammoni hal qilish uchun tadqiqotchilar to‘liq o‘yinlarni yozib olmadi. Buning o‘rniga, ular asosiy harakatlarning qisqa fragmentlariga e’tibor qaratdi.

Ma’lumotlar 3x5 metr o‘lchamdagi ixcham kortda harakatlarni kuzatish tizimi orqali qayd etildi — bu standart tennis maydonidan 17 baravardan ham ko‘proq kichikdir. Jami besh nafar o‘yinchi taxminan besh soatlik harakat yozuvlarini taqdim etdi.

Ushbu ma’lumotlar to‘plamidan foydalangan holda, LATENT tizimi avval robotga alohida harakatlarni takrorlashni o‘rgatdi. O‘rganilgan harakatlar keyinchalik ketma-ketliklarga birlashtirildi, bu esa robotga muayyan vazifalarni bajarish imkonini berdi: to‘pga yetib borish, zarba berish va kortda belgilangan nuqtaga qaytish. Real sharoitdagi ishni yaxshilash uchun model simulyatsiya muhitida o‘qitildi. U yerda asosiy fizik parametrlar — robot va to‘p massasi, ishqalanish va aerodinamika tasodifiy ravishda o‘zgartirib turildi. Bunday yondashuv simulyatsiyadagi mashqlar bilan haqiqiy sharoit o‘rtasidagi farqni kamaytirishga yordam berdi.

Taqlidiy sinovlarda tizim zarbalarning 96 foizida muvaffaqiyatga erishdi. Unitree G1 real roboti bilan ishlash jarayonida u inson bilan o‘yin almashinuvini davom ettirish va to‘pni raqib tomoniga barqaror ravishda qaytarish qobiliyatini ko‘rsatdi.

Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, bu yondashuv nafaqat tennisda, balki inson harakatlari haqida to‘liq ma’lumot olish qiyin bo‘lgan boshqa sohalarda ham qo‘llanishi mumkin. Bular qatoriga futbol, badminton va robotlar uchun boshqa sport ko‘nikmalari kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid