Angliyaning Love Money portali 1945-2001 yillar davomida faoliyatini boshlagan yirik kompaniyalarni sanab, ularga qisqacha to‘xtalib o‘tdi. Ro‘yxatga qarab, 18 yoshdan 74 yoshgacha bo‘lganlar o‘zlari tug‘ilgan yilda qaysi mashhur kompaniyaga asos solinganini bilib olishlari mumkin.

Avvalgi ikki maqolada 1945-1960 va 1961-1980 yillarda asos solingan yirik brendlar haqida so‘z yuritilgan edi. Bugun yakuniy qismda 1981-2001 yillarda ish boshlagan dunyo miqyosidagi yetakchi kompaniyalarni sanab o‘tamiz.

1981 yil – Bloomberg

Xususiy moliyaviy mediakompaniya. Asosiy mahsulotlari – moliyaviy axborot bilan ta'minlovchi Bloomberg Terminal tizimi, Bloomberg News yangiliklar agentligi, Bloomberg Television telekanali, Bloomberg Businessweek va Bloomberg Markets jurnallari.

Maykl Blumberg mazkur kompaniyasini Nyu-Yorkda, Solomon Brothers bankining sotilishidan tushgan 10 million dollar evaziga tashkil etgan. U bankda bosh hamkor edi. Blumberg real vaqt rejimida Uoll-stritdagi moliyaviy ma'lumotlar, hisob-kitob va tahliliy axborotlarni yetkazish bo‘yicha o‘zining axborot texnologiyalari tizimini ishlab chiqqan.

1982 yil – Adobe Systems

Xerox`ning sobiq xodimlari Charlz Geshk va Jon Uornok tomonidan tashkil etilgan. Ular kompyuter bosmasi uchun PostScrip sahifalari ta'rifi tilini rivojlantirish bilan shug‘ullanishgan va texnologiya bilan savdo qilishgan. 1985 yilda Apple PostScript’ni LaserWriter printerlarida qo‘llash uchun litsenziyaladi. Til printerlar uchun xalqaro standartga aylandi.

1989 yilda Adobe Macintosh`da grafika bilan ishlash uchun Photoshop`ni chiqardi. 1993 yilda esa PDF formati va u bilan ishlash uchun ilovani ishlab chiqdi. Adobe`ning 2018 yildagi sof foydasi 2,59 mlrd dollarni tashkil etdi.