Sony, McDonald’s, Visa va boshqalar. Siz qaysi mashhur brend bilan tengdoshsiz?
Dunyodagi yirik kompaniyalar haqidagi ma'lumotlarga ko‘pchiligimiz befarq emasmiz. Ularning har biri o‘ziga xos tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan.
Angliyaning Love Money portali 1945-2001 yillar davomida faoliyatini boshlagan yirik kompaniyalarni sanab, ularga qisqacha to‘xtalib o‘tdi. Ro‘yxatga qarab, 18 yoshdan 74 yoshgacha bo‘lganlar o‘zlari tug‘ilgan yilda qaysi mashhur kompaniyaga asos solinganini bilib olishlari mumkin.
Birinchi maqolamiz 1945-1960 yillarda tug‘ilganlarga bag‘ishlanadi.
1945 yil – Minute Maid
1945 yilda Boston milliy tadqiqot korporatsiyasi AQSh armiyasi uchun apelsin sharbatini kukunga konsentratsiya qilishning yangi usulini ishlab chiqdi va Florida Foods kompaniyasiga asos soldi. Urush tugagach, firma Minute Maid nomi ostidagi muzlatilgan sharbat konsentratini savdoga chiqardi.
1960 yilda ichimlik mashhurlikka erishgani sababli o‘z nomini Minute Maid’ga o‘zgartirgan kompaniya Coca-Cola nazoratiga o‘tdi.
1946 yil – Sony
Muhandis Masaru Ibuka Tokioda joylashgan, urushdan keyin yarim vayrona ahvolda yotgan «Nihonbashi» savdo markazida elektr qurilmalarini ta'mirlash ustaxonasini ochdi.
Biroz vaqt o‘tgach, Ibuka do‘sti, fizik Akio Morita bilan birga o‘sha binoning o‘zida elektrotexnikani ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Kompaniya Tokyo Tsushin Kogyo deb nomlandi.
Kompaniyaning ilk mahsuloti bo‘lmish radiopriyomniklar hatto xorij dasturlarini ham uzata olardi. Tokyo Tsushin Kogyo 1955 yilda Sony deb qayta nomlandi. Bunday nom Amerika bozori uchun jarangdor va qulay bo‘lib ko‘ringandi.
1947 yil – H&M
Brend asoschisi Erling Person 1947 yilda Shvetsiyaning Vesteros shahrida Hennes (shved tilida «Uning uchun» degan ma'noni anglatadi) ayollar kiyimlari do‘konini ochdi. 1968 yilda ovchi va baliqchilar uchun mo‘ljallangan Mauritz Widfors do‘koni xarid qilingach, assortiment erkaklar va bolalar uchun kiyimlar bilan to‘ldirildi. Nom esa «Hennes & Mauritz» deb o‘zgartirildi.
Hozir H&M dunyo bo‘ylab 5 mingga yaqin do‘konga ega. U kiyim-kechaklar bilan savdo qilish hajmi bo‘yicha Inditex (Zara, Bershka, Pull & Bear egasi) korporatsiyasidan keyin ikkinchi o‘rinda.
1948 yil – ManpowerGroup
Ushbu rekruting kompaniyasi «Fortune 500» ro‘yxatiga kirgan. Kompaniyaga advokatlar Elmer Vinter va Aaron Shayfeld asos solgan.
Ikki og‘ayniga hamkorlikdagi loyihalar uchun mashinistkalarning vaqtinchalik xizmatlari kerak edi. Ular kadr agentliklariga murojaat qilishgan, biroq bozorda mashinistka-xodimlar xizmatini taklif etuvchi kompaniyalar yo‘qligini aniqlashgan.
1949 yil – 20th Century Fox Television
Betmen haqidagi ilk serial, «Mesh», «Simpsonlar», «Baffi», «Futuramu», «24» va boshqa ko‘plab loyihalarni tayyorlagan televizion studiya.
1950 yil – Diner's Club
1949 yilda Hamilton Credit Corporation kredit kompaniyasi direktori Frenk Maknamara Nyu-Yorkda mijozlari bilan tushlik qilayotib, pulini uyda qoldirgani va hisobni to‘lay olmasligini tushundi. Shuning ortidan kelajakda restoranlarda to‘lov uchun naqd pul o‘rniga kredit kartalarini beradigan «restoran ishqibozlari klubi»ni ochishga qaror qildi.
Diner's Club – ko‘ngil ochish va sayohatlar uchun, shuningdek kredit kartalari bilan ishlaydigan xalqaro to‘lov tizimlariga ega ilk mustaqil kompaniyaga aylandi.
1951 yil – Texas Instrumens
Bu kompaniya yarimo‘tkazgich, elektronika va mikrochizmalar ishlab chiqaradi. U dunyo miqyosida yarimo‘tkazgichlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar o‘ntaligidan joy olgan.
Kompaniyaga 1951 yilda AQSh armiyasi va harbiy-dengiz kuchlari hamda neftni qayta ishlash sanoati uchun seysmik razvedka qurilmalarini ishlab chiqaruvchi GSI qayta tashkil etilganidan keyin asos solingan.
1952 yil – Eastpak
Ryukzak, jomadon va g‘ildirakli sumkalar ishlab chiqaruvchi kompaniya. Eastern Canvas Producs’ga AQSh armiyasi bilan kanopdan ryukzak ishlab chiqarishga shartnoma tuzgan Monti Goldman asos solgan.
1976 yilda iste'molchilar bozoriga o‘tilganidan keyin Eastern Canvas Producs o‘z nomini Eastpak’ka o‘zgartirdi.
1953 yil – Epic Records
Ovoz yozuvchi kompaniya jazz va klassik musiqa bilan savdo qilish maqsadida Columbia Records’dan ajrab chiqdi. O‘n yil o‘tgach, Epis rok-n-roll, kantri va R&B bilan ishlay boshladi.
Epic Records bilan hamkorlik qilgan ijrochilar orasida AC/DC, Maykl Jyekson, ABBA, The Clash, RatM bor. 1988 yildan beri u Sony Music Entertainment’ga tegishli.
1954 yil – Burger King
Burger King’ning o‘tmishdoshi InstaBurger King 1953 yili Jyeksonvilda, asoschilar McDonald's restoraniga borishganidan keyin ochilgan. Oshxonaning ishlash tamoyili va taomlarga yondashuv raqibnikidan olingan.
Asoschilar tarmoqni rivojlantirishga harakat qilishdi, biroq korxona inqirozga uchradi va uni franchayzlar Jyeyms MakLamor va Devid Edgerton sotib olishdi. 1954 yilda ular kompaniyani Burger King deb qayta nomlashdi.
Kompaniya egalari jami to‘rt marta almashdi. 2018 yilning 31 dekabriga kelib 100ta mamlakatda 17 796 ta Burger King restoranlari faoliyat olib borayotgandi. Ulardan 99,7 foizi – franshiza asosida.
1955 yil – McDonald's
Kompaniya biznesi 1940 yilda ilk restoranning ochilishi bilan boshlangan. Biroq korporatsiya 1955 yilni o‘zining «tug‘ilgan yili» deb hisoblaydi. Aynan shu yili tadbirkor Rey Kron ilk franchayzing restoranini ochdi va McDonald's’ni tarmoqqa aylantirdi.
1956 yil – Tefal
Idish-tovoq va maishiy texnika ishlab chiqaruvchi, taom tagiga olmasligiga qarshi qoplamali tovani yaratgan fransuz kompaniyasi. Unga muhandislar Mark Greguar va Lui Xartmann asos solishgan.
Kompaniya 1956 yil so‘ngiga kelib kompaniya kuniga 100tadan tova ishlab chiqara boshlagan, 1961 yilda talab oyiga 1 millionta buyumga yetgan.
1957 yil – McCain Foods
Muzlatilgan kartoshka ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yirik kompaniya. Unga aka-uka Garrison, Robert, Endryu va Uolles Makkeynlar asos solishgan. Ular oilaviy korxonada yetishtirilgan muzlatilgan kartoshkani sotishdan boshlashgan edi.
Birinchi yili kompaniya 30 nafar xodimni yollab, 150 ming dollardan ortiq daromad oldi. 2017 yilda kompaniya tushumi 6,8 mlrd dollarni tashkil qildi.
1958 yil – Visa
Ikkita xalqaro to‘lov tizimidan biri. Asoschisi – Bank of America. Tashkilot kartalar sertifikatsiyasini ishga tushirgan va asta-sekin uyushmaga asos solib, ularni ishlab chiqarish uchun litsenziyani boshqa banklarga sota boshlagan.
1976 yil Vetnamdagi urush tufayli AQShning obro‘siga putur yetadi. BankAmericard’ning jahondagi mashhurligiga zarar yetmasligi uchun rahbariyat tizimni VISA (Visa International Service Association) deb qayta nomlaydi.
1959 yil – Ellesse
Leonardo Servadio tomonidan asos solingan italyan sport brendi. Ellesse nomi uning ismi sharifi birinchi harflari – LS’dan kelib chiqqan. 1970-yillarda brend chang‘ichilar va tennischilar o‘rtasida mashhurlikka erishgan.
Ellesse logotipi buyumlarning tashqi tomoniga tushirilgan ilk sport brendlaridan biriga aylandi. Undan Muhammad Ali, Rojyer Mur, Anna Kurnikova va boshqa sportchi hamda mashhur kishilar foydalanishdi.
1960 yil – Domino's Pizza
1960 yili aka-uka Tom va Jyeyms Monagan 75 dollar garov to‘lab, keyingi xarajatlar uchun 500 dollar qarz olib, kichik pitssaxona – DomiNick's Pizza’ni sotib olishdi. Sakkiz oydan keyin Jyeyms biznesdagi o‘zining ulushini Volkswagen Beetle’ga almashdi.
Pitssaxona kichik bo‘lgani uchun ishlab chiqarishni yetkazib berish hisobiga kengaytirish mumkin edi. 1965 yilda kompaniya Domino's Pizza deb qayta nomlandi, 1967 yilda esa franshiza bo‘yicha ilk restoran ochildi.
Hozirda tarmoqning 11 mingdan ortiq pitssaxonalari mavjud.
Mavzuga oid
23:30 / 10.10.2024
Internetda Burger King’ning 5 milliondan ortiq mijoziga oid ma’lumotlar tarqalib ketdi
22:24 / 10.09.2024
Sony kompaniyasi PlayStation 5 Pro konsolini taqdim qildi
17:18 / 18.12.2023
Shavkat Mirziyoyev mashhur brendlarni O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha topshiriqlar berdi
23:38 / 10.10.2023