O‘zbekiston | 13:50 / 28.11.2019
9902
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz»: O‘zbekiston neft-gaz sanoati o‘zgarishi jarayonining birinchi bosqichi yakunlandi

Foto: Maxim Shipenkov

O‘zbekiston neft-gaz sanoati o‘zgarishi jarayonining birinchi bosqichi yakunlandi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” xabar qilmoqda.

Prezidentning 2019 yil 9 iyuldagi qarori bilan “O‘zbekneftgaz” uchta asosiy yo‘nalishda faoliyat yurituvchi jamiyatlarga bo‘lindi. 

Bundan buyon “O‘zbekneftgaz” AJ neft va gaz mahsulotlarini qazib olish va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. “O‘ztransgaz” AJ ichki bozorda gazni sotish, tashish va xarid qiluvchi tashkilot hisoblanadi. “Hududgazta'minot” AJ respublika bo‘yicha iste'molchilarni tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta'minlovchi tashkilotdir.

“Muborakneftgaz” MChJ, “Sho‘rtanneftgaz” MChJ, “Ustyurtgaz” MChJ, “Gazlineftgazqazibchiqarish” MChJ, “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” MChJ yuridik shaxs tashkil qilmasdan “O‘zbekneftgaz” AJga qo‘shildi va neft va gaz qazib olish va gazni qayta ishlash boshqarmalariga aylantirildi.

“Neftgazinvest” MChJ, “Neftgazeksport” MChJ, “O‘zneftegazgeologiya” MChJ “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibiga qo‘shilgan holda faoliyati to‘xtatildi. “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zneftgazqazibchiqarish” AJ, “O‘zneftmahsulot” AJ, "O‘zneftgazmash" AJni qayta tashkil etish jarayoni nihoyasiga yetkazildi.

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati xabariga ko‘ra, barcha turdagi iste'molchilarni qish-kuz mavsumida uzluksiz tabiiy gaz bilan ta'minlash maqsadida oktabr oyiga nisbatan noyabr oyida o‘rtacha kunlik qo‘shimcha 5 mln. kub.m tabiiy gaz qazib chiqarishga erishilgan. 

Hozirgi kunda respublika iste'molchilarining ehtiyoji uchun tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha dasturlar ishlab chiqilgan bo‘lib, kelgusida tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojni ta'minlash maqsadida tegishli choralar ko‘rilmoqda, deyiladi "O‘zbekneftgaz" matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid