Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qamoqdagi kattakonlar, antikorrupsiya vertikali va tug‘ilishning pasayishi - hafta dayjesti
IIV, “O‘zbekneftgaz”, Davaktiv va soliq mansabdorlari tergovda: korrupsion sxemalar fosh etilyapti. Ichki ishlar tizimi servis tuzilmasiga aylanadi: prezident “ilg‘or politsiya” modelini anons qildi. AES qurilishi kechiktiriladimi: shunday ehtimol paydo bo‘lishi bilanoq “Rosatom” rahbari Toshkentga uchib keldi va “muddatlarga rioya qilish”ga chaqirdi. Haftaning shu va boshqa muhim voqealari – Kun.uz dayjestida.
Bahodir Siddiqov va Akmalxon Ortiqov – tergovda
“Milliard-milliard so‘mlik talon-torojliklar”. Prezident Shavkat Mirziyoyev ikkita tashkilotda aniqlangan korrupsiya ko‘lamini ana shunday ta’rifladi. Bu ikki tashkilot – “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi. Davlat rahbariga ko‘ra, hozir ularda “katta taftish” ketyapti.
Ma’lum bo‘lishicha, Davaktiv mansabdorlari bozor narxi kamida 250 mlrd so‘mlik yer uchastkasini yopiq auksionga qo‘yib, 120 mlrd so‘mga sotib yuborgan. Shu sababli agentlik direktori Akmalxon Ortiqov ishdan olingan.
Shavkat Mirziyoyev seshanba kungi yig‘ilishda bu haqda gapirarkan, bir savolni o‘rtaga tashladi: “Ushbu idoralarda yillar davomida korrupsiya avj olgan bo‘lsa, ularga Xavfsizlikdan qo‘yilgan vakillar qayerga qaragan?”
Prezident DXX raisiga yuzlanib, “O‘zbekneftgaz” va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uchun mas’ul kuratorlarning javobgarligini ko‘rib chiqishni buyurdi. Tergov guruhi esa “barcha korrupsiyaviy sxemalarni fosh qilish” topshirig‘ini oldi.
“Sotilgan davlat mulklari bo‘yicha har bir holatni sinchkovlik bilan tekshirib, barcha korrupsiyaviy sxemalarni fosh qilsin va jazo muqarrarligini ta’minlasin”, – dedi davlat rahbari.
Davaktivdagi sxemalardan biri yopiq auksion ekani ochiqlangan bo‘lsa, “O‘zbekneftgaz”dagi qing‘irliklar haqida hozircha hech narsa ma’lum emas. Kompaniyani 2023 yildan beri boshqarib kelgan Bahodir Siddiqov o‘tgan yili prezidentning energetika bo‘yicha vakili Alisher Sultonov bilan bir vaqtda ishdan olingan edi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, keyinchalik Siddiqov jinoyat ishi doirasida ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Ayni paytda Akmalxon Ortiqov ham qamoqqa olingani haqida tasdiqlanmagan xabarlar bor. U Davlat aktivlarini boshqarish agentligini 5 yildan beri boshqarib kelayotgan edi. Idora shu yillar davomida tuzilgan bir qator yopiq va shubhali xususiylashtirish bitimlari haqida jamoatchilikka izoh bermagani sabab, doimiy ravishda tanqidlar nishoniga aylanib qolgandi.
IIVning sobiq mulozimlari ham qamoqda
Katta lavozimda o‘tirganlarning qamalishi bilan bog‘liq holatlar Ichki ishlar vazirligida ham bor. Kun.uz manbasiga ko‘ra, vazirning sobiq o‘rinbosari general-mayor Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Ular o‘tgan yili noyabr oyida ishdan olingan edi.
Shavkat Mirziyoyevning nutqidan ma’lum bo‘lishicha, Abdullayev va Tursunov – bitta jinoyat ishining figurantlari. Bu jinoyat ishi doirasida davlat xaridlari orqali 186 mlrd so‘m o‘zlashtirilgani aniqlangan. “Daryo” nashrining manbasiga ko‘ra, jinoiy sxema doirasida Toshkent shahri va viloyatlar markazlariga o‘rnatilayotgan “aqlli” svetoforlar va boshqa yo‘l uskunalari go‘yoki xorijdan import qilingan deb ko‘rsatilib, aslida mahalliy mahsulotlar o‘tkazilgan.
Keng miqyosdagi yana bir korrupsion jinoyat Adliya vazirligi tizimida ro‘y bergan. Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, davlat xizmatlari markazlari xodimlari 8 ta viloyatda 1200 dan ortiq odamga soxta haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergan. Bu ishda gumon qilinayotgan davlat xizmatchilari soni qanchaligi hozircha ma’lum emas. Shunisi ma’lumki, ular bergan soxta guvohnoma bilan rulga o‘tirganlar kamida 9 ta avariyaga sababchi bo‘lib, 3 kishining umriga zomin bo‘lgan, yana 6 kishi jarohatlangan. Avvalroq bu ish doirasida soxta guvohnomani sotib olgan fuqarolarni ham javobgarlikka tortish masalasi ko‘rib chiqilayotgani xabar qilingandi.
Hafta davomida, shuningdek, Toshkent viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” direktori o‘rinbosari quruvchi kompaniyadan 7 ming dollar pora olgani, Toshkent viloyatidagi tumanlardan birining ekologiya bo‘limi boshlig‘i esa ko‘p yillik daraxtlarni kesishga ruxsat berish evaziga 3 ming dollar olgani ma’lum bo‘ldi.
Korrupsiyaga qarshi yangi tizim
2026 yildan boshlab korrupsiyaga qarshi kurashish uchun yangi vertikal nazorat tizimi joriy etildi. Bu tizim haqida davlat rahbari dekabr oyidagi murojaatnomasida e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, barcha davlat idoralarida rahbarning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosari lavozimi kiritilyapti. Bu lavozim egasi Prezident administratsiyasiga bo‘ysunadi; oddiy qilib aytganda, Administratsiyaning “kuratori” vazifasini bajaradi.
Shu sababdan bo‘lsa kerak, dastlabki tayinlovlar orasida Administratsiya xodimlari salmoqli o‘rin egallayapti: bu dargohning 4 nafar mulozimi bu hafta hukumatdagi amaldorlarga komplayens bo‘yicha yo maslahatchi, yo o‘rinbosar etib tayinlandi. Ularning faoliyatini Administratsiyaning komplayens xizmati boshlig‘i Erkin Yo‘ldoshev nazorat qiladi.
Shu tariqa, endi har qanaqa davlat idorasi rahbari – bu vazir bo‘ladimi, hokimmi yoki gigant kompaniya raisimi – farqi yo‘q, komplayensga mas’ul o‘rinbosarga ega bo‘ladi va o‘sha o‘rinbosariga ham, u boshqaradigan ichki nazorat bo‘linmasiga ham “tishi o‘tmaydi”. Dekabr oyidagi prezident farmoniga asosan, bu bo‘linma rahbari va xodimlariga nisbatan samaradorlik ko‘rsatkichlari, ya’ni KPI qo‘llanilmaydi; ularga KPI'ga bog‘langan ustamalar maksimal miqdorda to‘lanadi. Ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini tashkil etishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham faol ishtirok etadi va tashkilot rahbarlari agentlik direktoridan rozilik olmay turib, bo‘linma xodimlarini intizomiy javobgarlikka torta olmaydi.
Politsiya?
Prezident huzurida o‘tgan seshanba kungi yig‘ilish asosan Ichki ishlar vazirligi faoliyatiga oid edi. Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev sohada “yangi tarixni boshlab beradigan” qarorlar qabul qilish vaqti kelganini aytarkan, ilg‘or xorij tajribasidagi politsiya haqida gapirdi.
“Hozir ichki ishlar patrul-post, yo‘l-patrul, profilaktika, tezkor-qidiruv va qo‘riqlash xizmatlari alohida-alohida ishlamoqda. Shuning uchun ham chorrahada turgan yo‘l-patrul xodimi janjallashayotgan ikki odamni ajratishni o‘z xizmat vazifasi deb hisoblamaydi. Qo‘riqlash xizmati xodimining esa binodan tashqarida taqiqlash belgisi ostida qoldirib ketilgan mashina bilan ishi yo‘q. Patrul-post mashinasida xizmat o‘tayotgan xodim svetofor ishlamayotgan chorrahadan oddiy haydovchilar qatorida befarq o‘tib ketadi.
Ilg‘or tajribada bu tuzilmalar yagona organizm sifatida ishlaydi, politsiya “Bu mening vazifamga kiradi, bunisi kirmaydi” degan gapni aytmaydi. Har bir holatga “labbay” deb javob bergani uchun ham aholi ularni himoyachisi deb biladi”, – dedi prezident.
Ma’lum bo‘lishicha, ichki ishlar organlarining aholi bilan bevosita ishlaydigan tarqoq tuzilmalarini yangi tizimga o‘tkazish bo‘yicha farmon loyihasi tayyorlanyapti. Bu farmon asosida ichki ishlar organida xizmatni o‘tash, muomala madaniyati, tezkor harakatlanish, kuch va qurol ishlatish bo‘yicha yagona standartlar joriy etilib, PPX, YPX, profilaktika, tezkor-qidiruv va qo‘riqlash xizmatlari aholiga xizmat ko‘rsatuvchi servis tuzilmalariga aylantiriladi. Bunda, fuqaroning ko‘chada formali xodimga qilgan murojaati “102”ga xabar bergan bilan teng bo‘ladi.
Shuningdek, profilaktika inspektorlarining formasini “zamonaviy, xalqqa yoqadigan” qilib o‘zgartirish, ularning ishini raqamlashtirib, “ovozli tushuntirish xati” olish amaliyotini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Yangi tizimda inspektorlar faoliyatiga baho berishda ular nechta protokol tuzganiga qaralmasligi aytilyapti. Patrul guruhlari esa huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar kelib tushganda, voqea joyiga 5 daqiqa ichida yetib kelishi kerak. Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga tungi xizmatining har soatiga BHMning 5 foizi, ya’ni 20 600 so‘mdan kompensatsiya to‘lanishi belgilandi. Shu va boshqa o‘zgarishlarning bir qismi dastavval namuna sifatida Toshkent shahrida joriy etilishi kutilyapti.
Yig‘ilishdan keyin ichki ishlar vaziriga birdaniga 4 ta yangi o‘rinbosar tayinlandi, oxirgi paytlarda tizim bilan bog‘liq ko‘plab salbiy holatlar kuzatilgan Farg‘ona viloyati IIBBda boshliq o‘zgardi. Rokirovkalardan birining zanjiri quyidagicha: ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Rahmatullayev Farg‘ona viloyati IIBB boshlig‘i etib tayinlandi, bu lavozimdagi Azizbek Ikromov favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimiga o‘tkazildi, vazir sifatida ishlab kelgan Botir Qudratxo‘jayev esa Rahmatullayev o‘rniga ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi.
Bundan tashqari, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari Bahodir Toshmatov – Milliy gvardiya qo‘mondoni, avvalgi qo‘mondon Rustam Jo‘rayev esa ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazildi. Ichki ishlar vazirining yangi tayinlangan yana ikki o‘rinbosari Diyorbek Sattorov va Ravshan Mirzayev bungacha Prezident administratsiyasida ishlayotgan edi.
Soliq: Mubin Mirzayev va Yunusjon Nasimjonov ishdan olindi

O‘sha kungi yig‘ilishda Toshkent shahri soliqchilari ham tanqidlar nishoniga aylandi. Prezidentning aytishicha, ayrim soliq boshliqlari tadbirkorlarga homiylik qilib yuribdi. Oxirgi 2 yilda poytaxt soliq idoralarining 19 ta xodimi korrupsiya bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ulardan eng oxirgisi – o‘tgan hafta ishdan olinib, ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan Mirzo Ulug‘bek tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Dilshod Usmonov. U inspeksiya binosining bir qismini shaxsiy maqsadda ijaraga berib, 315 million so‘mni o‘zlashtirgani, ish faoliyatida guruhbozlikka va maishatbozlikka berilgani aytilyapti.
Davlat rahbari “Malika” bozoridagi soliqdan qochishlar haqida gapirarkan, u yerdagi yashirin iqtisodiyot darajasini “ayanchli” deb ta’rifladi. Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, “Malika”da 1,5 mingga yaqin tadbirkor bor, lekin ularning atigi to‘rtdan biri ro‘yxatdan o‘tgan; 25 foizi oyiga 1 million so‘m ham soliq to‘lamayapti. Birgina dekabr oyida 600 milliard so‘mlik savdo tushumi yashirilgan.
Atigi 1 oyda naq 600 milliard so‘mlik tushumning yashirilishiga ko‘z yumayotgan soliqchilar, g‘aznani to‘ldirish uchun intizomli soliq to‘lovchilarning bo‘yniga osilib olgan. Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahar soliq boshqarmasi 46,4 mingta korxonadan 876 milliard so‘m ortiqcha soliq undirgan. Yig‘ilishda shu kabi holatlarga kim javobgar ekani aytildi: 7 yildan beri Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Mubin Mirzayev “loqayd va mas’uliyatsiz” degan ayblovlar bilan ishdan bo‘shatildi.
Mirzayev bilan birga, Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Yunusjon Nasimjonov va Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Hojiakbar Mullajonov ham ishdan olindi. Prezident bu ikki soliqchining faoliyatini tekshirib, “qonun ustuvorligini ta’minlash”ni buyurdi. Shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning poytaxt boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.G‘aniyev ham kursisini tark etdi – davlat rahbariga ko‘ra, u qo‘shtirnoq ostidagi “tadbirkor”larga soliqdan qochishda yo‘l ko‘rsatib yurgan.
Mobil aloqa abonentlariga qulayliklar
Mobil aloqa xizmatida iste’molchilar uchun kutilmagan va yoqimli yangilik: tarif rejasini o‘zgartirish endi bepul bo‘ladi. Shu va boshqa qator o‘zgarishlar raqamlashtirish vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi “Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari”dan joy olgan.
Yangi qoidalarga ko‘ra, mobil aloqa abonentlari tarif rejasini amaldagi boshqa bir tarif rejasiga bepul almashtirish huquqiga ega. Faqat muayyan guruh yoki cheklangan doira uchun ishlab chiqilgan alohida tariflar bundan mustasno.
Bundan tashqari, jismoniy shaxslardan tarif rejasi bo‘yicha abonent to‘lovi va resurslardan foydalanganlik uchun pul yechib olishda abonentning balansini minusga kiritib qo‘yish taqiqlandi.
Shuningdek, balansda mablag‘ yetarli bo‘lmaganda, shartnomaning bekor bo‘lish muddati 2 oydan 1 yilga uzaytirildi. Raqamni saqlab qolgan holda boshqa kompaniyaga ko‘chirib o‘tkazish esa avvalgidek 8 soat ichida emas, 20 daqiqa ichida amalga oshiriladi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, abonentning roziligini olmay turib pulli qo‘shimcha xizmatlarni avtomatik ulashga yoki dastlab bepul bo‘lgan xizmatlarni pulli qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Sanab o‘tilgan yangiliklar 3 oydan keyin, 28 apreldan kuchga kiradi.
Gaz qazib chiqarish hisobotlarida ulkan tafovut paydo bo‘ldi
“O‘zbekneftgaz”da tanqidlar bilan rahbar almashtirilganidan keyin, kompaniya faoliyati 20 kun ichida ikkinchi marta prezident huzurida muhokama qilindi. 30 yanvar kungi yig‘ilishda aytilishicha, “O‘zbekneftgaz” tizimidagi korxonalar 2025 yilda 25,2 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqargan. Bu – prognozdagi ko‘rsatkichdan 1,3 mlrd kub metrga kam. Yangi rais Abdug‘ani Sanginov 2026-2027 yillarda qazib chiqarish hajmi “barqaror darajada ta’minlanishi”ni aytmoqda.
Gaz masalasida shu hafta Statistika qo‘mitasi e’lon qilgan raqamlar alohida e’tiborga molik. Gap shundaki, qo‘mita 2024 yil yakuni bo‘yicha e’lon qilgan hisobotda 44,6 mlrd kub metr gaz qazib chiqarilgani ko‘rsatilgan edi. 2025 yil yakuni bo‘yicha hisobotda esa, 2024 yilgi qazib chiqarish hajmi aslida 41,3 mlrd kub metr bo‘lgani qayd etilgan. Ya’ni, dastlabki hisobotda ko‘rsatilgan gazdan 3,3 mlrd kub metri aslida qazib chiqarilmagan ekan. 3,3 mlrd kub metr – kichkina raqam emas, bu – bir oylik qazib chiqarish hajmiga teng.
Birlamchi statistikadagi bunday katta xato qanday yuzaga kelgani tushunarsiz; rasmiylardan bu borada izohlar bo‘lmadi. Izohlarning yo‘qligi esa “qo‘shib yozish” yoki boshqa gumonlarni o‘rtaga chiqaryapti. Boz ustiga, raqamlarning 3 oy yo 6 oydan keyin emas, 1 yildan keyin o‘zgarib qolishi, bu o‘zgarish – gaz sohasiga mas’ul ikkita katta amaldorning bir vaqtdagi iste’fosi, ularning iste’fosiga nima sabab bo‘lgani aytilmagani, ulardan biri keyinroq noma’lum sabablar bilan qamoqqa olingani ortidan ro‘y berishi – savollarni yanada ko‘paytiradi.
Xalqaro energetika agentligi hisobotidan ma’lum bo‘lishicha, Rossiya 2025 yilda O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berishni 30 foizga ko‘paytirib, 7 mlrd kub metrdan oshirishga erishgan. Bu hafta “Rosatom” bosh direktori Toshkentga kelib, prezident Shavkat Mirziyoyevning qabulida bo‘ldi. Rasmiy relizga ko‘ra, tomonlar qishloq xo‘jaligi va tibbiyotda yadro texnologiyalarini qo‘llash, kadrlar tayyorlash kabi masalalarni muhokama qilgan.

Lixachyov rus nashrlariga bergan intervyusida “bu yilgi asosiy vazifa – yadroviy oroldagi binolarning poydevori uchun beton quyishni boshlash” ekanini aytdi. “Muddatlarga rioya qilish muhimligini inobatga olgan holda, biz shu yilning bahorida beton tayyorlash ishlarini boshlashga harakat qilmoqdamiz”, dedi Lixachyov.
Qizig‘i, “Rosatom” rahbarining Toshkentda paydo bo‘lishi va “muddatlarga amal qilish muhim, birinchi betonni bahorda quymoqchimiz” deb bayonot berishi – 2026 yilgi davlat dasturi loyihasi e’lon qilinishidan sanoqli kunlar o‘tib ro‘y berdi. Dastur loyihasida Jizzaxdagi AES uchun beton quyishni boshlash 2026 yil dekabr oyiga belgilangan. Bu esa matbuotda avvalroq mart oyida deyilgan muddatning dekabrgacha cho‘zilishi haqidagi sarlavhalarga sabab bo‘lgandi. Bunga “O‘zatom” agentligi tezda munosabat bildirib, avval e’lon qilingan muddatlar o‘z kuchida qolishi, davlat dasturi loyihasida esa konservativ ssenariy keltirib o‘tilganini ma’lum qildi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Tashqi ishlar vazirligida Rossiya elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda rasmiy Toshkent Rossiyadagi reydlarda o‘z fuqarolarining huquqlari ta’minlanishini talab qildi. Muhojir vatandoshlarning insoniy qadr-qimmatini kamsitishning har qanday shakliga yo‘l qo‘yilmasligi prinsipial ahamiyatga ega, deyiladi TIV bayonotida. Bu holat oxirgi paytlarda Markaziy Osiyoni tilidan qo‘ymayotgan Moskvadagi propagandachilarga yoqmadi. Solovyovning dasturidagilar rus elchisining chaqirilganidan nolib, Markaziy Osiyo siyosatchilarini “asabi buzuqlar” deb atadi. “Biz ularni erkalatib yuborganmiz, ular o‘z o‘rnini bilishi kerak”, dedi Sergey Mixeyev ismli shovinist. Tarmoqlarda Mixeyev va undan avvalgilarning hammasini bittada persona-non-grata deb e’lon qilishga chaqiriqlar yangramoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Turkiyada bo‘ldi. O‘zbekiston va Turkiya rahbarlari qo‘shma bayonot va hamkorlik mexanizmlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, ikki o‘rtada boshqa hujjatlar ham qabul qilindi. O‘zbek xalqining zilziladan jabr ko‘rgan qardosh turk xalqiga yordami o‘laroq Hatay viloyatida qurilgan “O‘zbekiston” turar joy majmuasini prezidentlar tantanali tarzda ochib berishdi. Arsuz tumanidagi bu majmua 24 ta ko‘p qavatli uydan iborat bo‘lib, 300 dan ziyod to‘liq jihozlangan xonadonlarni o‘z ichiga oladi. Shavkat Mirziyoyev Hatay aholisini Navro‘z bayramida O‘zbekistonga 5 kunga olib kelishni va Andijon-Samarqand-Xiva yo‘nalishida sayohat qildirishni taklif etdi. Shuningdek, Istanbulda ilk o‘zbek maktabi qurilishiga start berildi.
O‘zbekistonda tug‘ilishlar ketma-ket ikkinchi yil qisqardi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2025 yilda 880 mingta tug‘ilish qayd etilgan bo‘lib, bu 2024 yilga nisbatan 5,1 foiz yoki 46,8 mingtaga kam. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevga ko‘ra, fertillik statistikasi hali yangilanmagan, shu sababli tug‘ilishlar kamayishiga sabab bo‘layotgan omillar haqida xulosa chiqarish hozircha qiyin. Boshqa bir taniqli iqtisodchi Behzod Hoshimov esa tug‘ilishlarning ketma-ket ikkinchi yil qisqarganini katta xavotir bilan qarshi oldi. “Bu – katta muammo. Haqiqiy, yechimi juda qiyin bo‘lgan va to‘g‘risi, O‘zbekistondek daromadi kam mamlakat uchun balki yechib bo‘lmas darajada xavotirli xabar”, deya yozdi Hoshimov.
Samarqandda Zarafshon daryosi o‘zanlarini g‘orat qilish davom etyapti. Ekologiya qo‘mitasining aniqlashicha, daryoning Toyloq tumani hududidan oqib o‘tuvchi o‘zanida moratoriyga qaramay tungi vaqtlarda juda katta miqdorda shag‘al qazib olingan. Shag‘al Urgut tumani va Samarqand shahrini bog‘lovchi yangi temiryo‘l liniyasidan oshib o‘tgan holda tashilgan, buning uchun temiryo‘l relslari orasiga betonlar tashlangan. Xomashyo keyinchalik “Zarafshon Propriety Service” MChJ hududiga joylashtirilgan. Tabiatga yetkazilgan zarar qariyb 423 milliard so‘mga baholanmoqda. Bu – salkam 35 mln dollarga teng. Ekologiya organi to‘plangan hujjatlarni prokuraturaga taqdim etdi.
Mavzuga oid
16:05 / 31.01.2026
“Jiddiy ma’muriy islohotlar bo‘lmasa, muammo takrorlanadi” – Hamid Sodiq
00:00 / 31.01.2026
Oylikka ishlamayotgan chinovniklar. Nega bunday bo‘lyapti?
18:41 / 30.01.2026
Prezident huzurida “O‘zbekneftgaz”ning kelgusidagi ustuvor vazifalari ko‘rib chiqildi
16:12 / 30.01.2026