Jahon | 23:45 / 28.11.2019
10997
2 daqiqa o‘qiladi

“Yevropadagi eng  yirik o‘g‘rilik”ni sodir etganlar haqidagi ma'lumot uchun mukofot e'lon qilindi 

Foto: Reuters

Germaniya politsiyasi Drezdendagi “Yashil gumbaz” muzeyini tunagan jinoyatchilarning ushlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ma'umot uchun 500 ming yevro mukofot e'lon qildi. 

Politsiyada ta'kidlanishicha, jinoyatni tergov qilayotgan maxsus komissiya 40 kishini tashkil qilmoqda.  

“Yevropadagi eng yirik o‘g‘rilik” deb atalgan jinoyat 25 noyabr tongida yuz bergan. Jinoyatchilar yaqin oradagi transformatorni ishdan chiqarib va buning natijasida muzeyda signalizatsiya o‘chganidan foydalanib, oynalardan biri orqali muzeyga kirishgan. Politsiya muzey navbatchilarining signaliga ko‘ra voqea joyiga bir necha daqiqa ichida kelgan bo‘lsa-da, hech kimni ushlay olmagan. 

Dastlab jinoyatni muzeydagi kuzatuv kameralariga muhrlangan ikki o‘g‘ri sodir etgan deb taxmin qilingan. Biroq politsiya 27 noyabrda jinoyatchilar 4 nafar bo‘lgani, yana ikki nafar jinoyatchi muzeyga o‘g‘rilikka tushgan sheriklarini avtomobilda kutib turganini ma'lum qilgan.

Avvalroq ma'lum qilinganidek, muzeydan umumiy qiymati 1 mlrd dollarlik zeb-ziynatlar olib chiqib ketilgan.

Ayni vaqtda politsiyaga fuqarolardan jinoyat yuzasidan 200 dan ko‘proq ma'lumot kelib tushgan. Mutaxassislar ularni tahlil qilishmoqda. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid