Maqsuda Vorisova, O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, 91-Zangiota saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:

– E'tirof etish kerakki, keyingi yillarda davlat xalqqa yaqinlashdi, xalq uchun ishlay boshladi. Amalga oshirilayotgan ishlar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining maqsad va vazifalariga mos keladi.

Ijtimoiy demokratik davlat barpo etishni oliy maqsadi, deb biladigan Xalq demokratik partiyasi ijtimoiy tenglik va adolat, ijtimoiy birdamlik va ijtimoiy demokratiya g‘oyalaridan iborat bo‘lgan mafkurasini ro‘yobga chiqarish yo‘lida yangi saylovlarda siyosiy kurash maydoniga kirdi.

Ijtimoiy adolat dunyoda keng tarqalgan ijtimoiy g‘oyalardan biridir. Uni umuminsoniy     qadriyatlar sirasiga kiritish mumkin. Ijtimoiy adolatning aniq mazmuni, uning nomlanishi tarix mobaynida o‘zgarib turgan. U aslida barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi, inson hayoti va yashashi kafolatlarining ta'minlanishi, ijtimoiy himoyalanganlikning yuqori darajasi, har bir mehnatga layoqatli insonning ish bilan ta'minlanishi, munosib ish haqi olishi, fuqarolarning ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sportdan bahramand bo‘lishi, nogironligi bor kishilar va yetim bolalarning, kam ta'minlangan insonlarning ijtimoiy himoyalanishi kabilarni o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston XDP ham ana shunday ezgu g‘oyalarni ilgari suradi.

Bugungi kunda islohotlardan ko‘zlangan bosh maqsad xalq hayotini yaxshilash, fuqarolarning emin-erkin yashashi, rivojlanishi, bunyodkorlik ishlari bilan faol shug‘ullanishi, turmush mazmunining boyishiga erishishdan iborat. Adolatli jamiyat hamisha aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini himoya qilishni o‘z zimmasiga oladi. Jamiyat doimo oldinga intilaverarkan, u bilan birga ong ham tinimsiz o‘zgarib boraveradi.

Ulug‘bek Vafoyev, O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, 60-Payariq saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:

– Partiyamizning Saylovoldi dasturida aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, oylik maoshlar, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni bosqichma-bosqich oshirib borish, ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, qishloqlarda ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlar etib belgilangan.