O‘zbekiston | 11:23 / 29.11.2019
3002
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi issiqlik elektr stansiyalarining texnik auditini xitoylik mutaxassislar o‘tkazadi

Foto: Yevgeniy Biyatov

Energetika vazirligida Xitoyning Energy China korporatsiyasi (CEEC) vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv davomida Xitoy tomoni energetika tarmog‘ining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini bildirdi.

Xususan, Angren IES va Yangi Angren IES bo‘yicha hamkorlik hamda barcha turdagi xizmatlar va ishlarni yetkazib berish bilan, mamlakat energetika tarmog‘i uchun rejalashtirish va audit ishlarini o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.
 
Uchrashuv davomida O‘zbekiston tomoni respublika energetika sektorida, shu jumladan xalqaro maslahatchilar va tashkilotlarni jalb etgan holda amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi axborotni taqdim etdi. 

Tomonlar aniq hamkorlik yo‘nalishlarini issiqlik elektr stansiyalarining texnik auditini o‘tkazish uchun xitoylik mutaxassislarni jalb etgan holda ishlab chiqish haqida ham kelishib olishdi.  

Qayd etilishicha, Energy China (CEEC) 70 yillik faoliyat tarixiga ega bo‘lib, yirik davlat korporatsiyalaridan biri hisoblanadi. CEEC loyihalarni amalga oshirishning rejalashtirish va loyihalashtirishdan tortib, to investitsiya qilish va foydalanishgacha bo‘lgan kompleks yechimlarini taqdim etadi. Faoliyat sohalari – issiqlik, gidro va atom energetikasi, quyosh va shamol energiyasini ishlab chiqarish, energiya uzatish va boshqalar.  

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid