Jamiyat | 15:50 / 30.11.2019
90470
6 daqiqa o‘qiladi

«Beverli» sotayotgan korall kalsiysi har dardga davomi? Vazirlik va olimlar munosabat bildirdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqda O‘zbekistonga chetdan olib kelinayotgan korall kalsiysi juda ko‘p dardlarga shifo bo‘lishi, odamlar ushbu biologik faol qo‘shimchani sotib olish uchun navbatga turib, uni qimmat narxlarda sotib olayotgani to‘g‘risida tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

«So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizga chetdan olib kelinayotgan korall kalsiy biologik faol qo‘shimchasi haqida har xil shov-shuvli ma'lumotlar tarqatilmoqda. Jumladan, korall kalsiy juda ko‘p dardlarga shifo bo‘lishi, hatto, onkologik kasalliklarda ham yaxshi samara berishi haqida asossiz xabarlar ko‘payib boryapti. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur ma'lumotlarni atroflicha o‘rganib, quyidagilarni ma'lum qiladi:

Darhaqiqat, kalsiy moddasi inson hayoti va salomatligi uchun muhim mikroelementlardan biri. Zero, kalsiy inson suyak tizimlarini mustahkamlash, organizmda modda almashinuvini yaxshilashda muhim o‘rin tutadi. Shu sababli tarkibida kalsiy bo‘lgan biologik faol qo‘shimchalar doim xaridorgir bo‘lib kelgan.

Korall kalsiysi haqida so‘z yuritiladigan bo‘lsa, bu modda kalsiy karbonatining bir ko‘rinishi bo‘lib, kalsiyning dunyoda eng ko‘p tarqalgan turi hisoblanadi. Korall kalsiysi toshlangan koralldan olinadi va uning minerallar tarkibi oddiy kalsiyga qaraganda biroz boyroq bo‘ladi. 

Hozirgi kunda poytaxtimizdagi «BEVERLee Businees» mas'uliyati cheklangan jamiyati xorijdan olib kelingan ana shunday mahsulotni aholiga taqdim etmoqda. Ushbu MChJ davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va u taqdim etayotgan mahsulotlar tegishli muvofiqlik va sifat sertifikatiga ega. Biroq, chetdan keltirilayotgan korall kalsiy biologik faol qo‘shimchasi narxi dorixonalarimizda sotilayotgan kalsiy preparatidan juda ham qimmat, samaradorlik borasida esa amaldagi tibbiy preparatlardan u qadar farq qilmaydi. Buni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti laboratoriyasida o‘tkazilgan tadqiqot ham isbotladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vaziri matbuot kotibi Furqat Sanayev telegramdagi sahifasida.

Institut ilmiy xodimi Rustam Ashurov «BEVERLee Businees» kompaniyasi orqali sotilayotgan kalsiy tabletkasi va dorixonalarda ancha arzon narxda sotilayotgan kalsiy tabletkasini solishtirib, tadqiqot o‘tkazgan.

«Bu ikkala kalsiyning asosini tekshirish uchun «Beverli» kompaniyasining tarmoqli marketing orqali sotilayotgan kalsiy tabletkasi va undan ancha arzon bo‘lgan dorixonalarimizda sotilayotgan kalsiy tabletkasini solishtirish maqsadida maxsus tadqiqot o‘tkazdik. Poroshok ko‘rinishida bir xil miqdorda ikkita namuna tayyorlandi. Tadqiqotda ikkala namunaning asosi bir xil ekanligi aniqlandi. Faqatgina «Beverli» kompaniyasiga tegishli kalsiy namunasida minerallar tarkibi biroz ko‘proq ekan», deydi olim Rustam Ashurov.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmakalogiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Shaislomov ushbu modda turli dardlarga davoligi haqidagi gaplarni butunlay inkor etgan.

«Bu biologik faol qo‘shimchani har dardga davo deb talqin etish mutlaqo noto‘g‘ri. Bundan tashqari, inson biror dori-darmon yoki biologik faol qo‘shimcha iste'mol qilishdan oldin albatta shifokor ko‘rigidan o‘tishi lozim. Qolaversa, dori-darmon yoki biologik faol qo‘shimchalarni oylab, yillab uzluksiz iste'mol qilish aslo mumkin emas.

Jumladan, tarkibida kalsiy saqlovchi har qanday dori-darmon yoki biologik faol qo‘shimchani ham o‘z bilganicha ichish nafaqat foyda keltirmasligi, balki turli xil salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Xususan, biz yurak–qon tomir tizimi kasalliklariga moyilligi bo‘lgan shaxslarda yurak ritmining turli buzilishlariga va hatto o‘limga ham olib kelganligi haqidagi ayanchli ma'lumotlarga egamiz. Shuningdek, siydik-tosh kasalligi bor bemorlarda dardni zo‘raytirib yuborganlik holatlari ham ko‘p kuzatilgan», deydi professor Baxtiyor Shaislamov.

Vazirlik kalsiy saqlovchi dori vositalaridan shifokor tavsiyasiga asosan foydalanish maqsadga muvofiqligini ta'kidlagan.

«Shunday ekan, kasalliklarni davolashda sifat va miqdor jihatdan tekshiruvlardan o‘tkazilgan, shu bilan birga, xususiyatlari ham to‘liq o‘rganilgan kalsiy saqlovchi dori vositalaridan shifokor tavsiyasiga asosan foydalanish maqsadga muvofiq. Bugungi kunda mamlakatimizda kalsiy saqlovchi juda ko‘p samarali dori vositalari ro‘yxatdan o‘tkazilgan va dorixonalarda yetarli miqdorda mavjud, narxi ham hamyonop («BEVERLee Businees» tomonidan sotilayotgan kalsiydan 10 barobar arzonroq)», deydi Furqat Sanayev.

Bundan avvalroq olim Rustam Ashurov «Korall kalsiysidan qurilayotgan piramida» sarlavhali posti orqali jamoatchilikning e'tiborini ushbu masalaga qaratgandi. 

«Korall kalsiysi tarmoq marketologlari aytganidek har dardga davo emas. Bu shunchaki kalsiy. Agar organizmingizga kalsiy kerak bo‘lsa, iste'mol qilishingiz mumkin. Boshqa tur kalsiylardan yagona farqi organizmda nisbatan tezroq o‘zlashtiriladi. Bu esa, shifo jihatidan hech qanday sezilarli foyda bermaydi. Shaxsiy maslahatim, agar kalsiy kerak bo‘lsa, arzonroq kalsiy dori vositalarini xarid qilavering. Korall kalsiysining narxi piramida uslubida sun'iy ravishda bir necha barobar qimmat va o‘z narxiga arzimaydi», deya xulosa qilgandi olim.

Mavzuga oid