Sport | 23:46 / 03.12.2019
11056
2 daqiqa o‘qiladi

Olimpiada ochilish marosimida terma jamoalar chiqishi tartibiga o‘zgartirish kiritildi

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi yozgi Olimpiadalar ochilish marosimida terma jamoalarning stadionga chiqishi tartibiga o‘zgartirish kiritdi. Bu haqda XOQning kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Mark Adams ma'lum qildi. 

“Biz O‘yinlar ochilishi vaqtidagi paradni yopadigan terma jamoalar chiqishi tartibini o‘zgartirdik. Endi stadionga oxirgi bo‘lib keyingi O‘yinlarni qabul qiluvchi davlatlar terma jamoalari chiqadi”, deb aytgan Adams.

“Millatlar paradi” deb ataluvchi ushbu marosimni Olimpiada o‘yinlari vujudga kelgan davlat sifatida an'anaviy ravishda Gretsiya boshlab beradi, Olimpiadani qabul qilayotgan mezbon davlat esa uni yopib beradi. Qolgan davlatlar esa stadionga Olimpiada uchun asosiy til qilib tanlangan til alifbosi tartibida birin-ketin chiqib keladilar.

Biroq Tokio Olimpiadasida bu an'anaga barham berilib, stadionga mezbon davlat sifatida oxirgi chiqadigan Yaponiyadan oldin Fransiya, undan oldin esa AQSh terma jamoasi chiqadi, chunki Fransiya poytaxti Parij 2024 yilgi, AQShning Los-Anjyeles shahri esa 2028 yilgi yozgi Olimpiadani qabul qiladi.

Ma'lumot uchun, Tokiodagi Olimpiada 2020 yilning 24 iyulidan 9 avgustiga qadar davom etadi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid