Jahon | 21:30 / 05.12.2019
30100
8 daqiqa o‘qiladi

Belarus nima uchun Rossiya bilan integratsiyani chuqurlashtirishni istamayapti

«Biz hech qachon hech bir davlat, hattoki Rossiya tarkibiga ham kirishga harakat qilmaganmiz va kirmaymiz», dedi Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan shanba kuni Sochida o‘tkaziladigan uchrashuv arafasida.

Foto: REUTERS

Kreml 1999 yilgi ittifoqchilik shartnomasi asosida qo‘shni davlat bilan integratsiyani chuqurlashtirishni so‘ramoqda. Belarus Rossiya taklif qilayotgan ko‘rinishdagi integratsiya mamlakat suverenitetini cheklab qo‘yadi, deb hisoblamoqda.

Tomonlar integratsiyani chuqurlashtirish borasidagi hujjatlarni 8 dekabrda, Belarus va Rossiya ittifoq davlatlari tashkil etilganining 20 yilligi sanasida imzolashni mo‘ljallagandi.

«Men yigitcha emasman!»

Lukashenko Belarus parlamentiga Putin bilan suhbat keskin bo‘lishini va'da qildi.

«Tabiiy gaz yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma haligacha yo‘q bo‘lsa, qanday integratsiya haqida gapirish mumkin? Ya'ni erta-indin bizda Yangi yil, biz esa tabiiy gaz yetkazib berish hajmi va narxi bo‘yicha shartnomaga ega emasmiz. Neft bo‘yicha masalalar yechilmagan. Hattoki oddiygina  «iflos» neft masalasi ham (gap shu yilning aprelida «Drujba» neft quvuri orqali yetkazilgan sifatsiz neft haqida bormoqda. Belarus tomoni yetkazilgan zararni 100 mln dollar deb baholamoqda). Ular o‘zlarini «iflos» neft bo‘lmagandek tutishmoqda», - dedi Lukashenko.

«Mahsulotlarimiz uchun bozorlarni (doimiy yoki davriy) yopib qo‘yishsa, bu qanday yagona iqtisodiy makon? Savol keskin qo‘yiladi», dedi u.

Belarus prezidenti yana bir bor takrorladi: Belarus Rossiya bilan konstruktiv hamkorlikka tayyor, ammo teng huquqlarda. Va Belarus manfaatlariga zarar yetkazadigan hech qanday hujjatni imzolamaydi.

«Yodda tuting! Men 3−4−5 yil prezident bo‘lib ishlagan yigitcha emasman. Menga yetarlicha bo‘ldi. Va men sizlar bilan, xalq bilan amalga oshirilgan hamma narsani o‘chirib tashlamoqchi emasman – mustaqil davlatni qutiga solib tashlab yuborish yoki kimgadir berish uchun tashkil etdimmi? Mening davrimda hech qachon bunday bo‘lmaydi», - dedi 25 yildan buyon prezidentlik kursisida o‘tirgan Lukashenko.

Xufyona chuqurlashtirish

Har ikki davlatning amaldor va ekspertlar guruhlari sentabr boshida bosh vazirlar darajasida kelishilgan integratsiya bo‘yicha hujjatlar va yo‘l xaritalari ustida ishlamoqda.

Ammo ularda aynan nima bayon etilgani va «chuqurlashtirish» qaysi yo‘nalishlarda amalga oshirilishi noma'lum. Belarus parlamentining sobiq deputati Alena Anisim integratsiya to‘g‘risidagi hujjatlarda nimalar aks etganini izohlashini so‘rab Vazirlar Mahkamasi va Iqtisodiyot vazirligiga ikki marta murojaat qildi. Amaldorlar ish yakuniga yetmay turib jamoatchilikni tashvishga solmaslikni so‘rashdi. 

Iqtisodiyot vazirligi huquq himoyachisi Mixail Matskevichga integratsiya hujjatlari xizmatda foydalanish uchun ekanligini ma'lum qildi.

Bundan 20 yil avval, Lukashenko va Rossiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Boris Yelsin ittifoq davlatini tuzish to‘g‘risidagi shartnomani imzolaganida ham xuddi shunday vaziyat yuzaga kelgandi.

«Matnni chop etishga hojat yo‘q», - degandi Lukashenkoning o‘sha paytdagi yordamchisi Mixail Sazonov aholi referendumlarda Rossiya bilan munosabatlarni chuqurlashtirishni ikki marotaba yoqlaganini aytarkan.

«Kommersant»ning noyabrdagi maqolalaridan ma'lum bo‘lishicha, Belarus tomonini ittifoq soliq kodeksini yaratish bo‘yicha yo‘l xaritasi cho‘chitmoqda – Belarus budjetiga daromadlarning bir qismidan mosuvo bo‘lish xavfi tug‘ilmoqda va soliq imtiyozlari olgan yuqori texnologiyalar parki hamda IT-sohasini nima kutayotgani noma'lum.

Kim nimadan qo‘rqmoqda?

Minskdagi ekspertlar mahalliy jamoatchilikni Lukashenko o‘zining mamlakatdagi yakkahokimligiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan ittifoqqa qo‘shilmasligiga ishontirmoqda.

Putin va Lukashenko shanba kuni Sochida uchrashadi / GETTY IMAGES

Siyosiy sharhlovchi Yuriy Drakoxrust hozirgi integratsiya bahslarini «o‘yin» va Belarus hukumatining iqtisodiy savdosi deb atamoqda.

«Belarusskiye novosti» tahlilchisi Aleksandr Klaskovskiyning fikricha, «eng qizig‘i, Putin keskin savol qo‘ygan belaruslik hamkorini sal bo‘lsa ham tinchlantiradimi? Yangi integratsiya hujjatlari dekabrda qabul qilinishi uchun Minskka bir bo‘lak shirinlik berilishi kerak».

O‘rtaga mustaqillik tikilgan

Aftidan «shirinliklar» berilishi boshlandi: «Rosselxoznadzor» 4 dekabrdan Belarusdagi 32ta korxonadan Rossiyaga sut yetkazib berishga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlanganini e'lon qildi.

Ammo Belarus muxolifati va qator yetakchilarning fikri qat'iy: sut va neft masalasida savdolashilmayapti, o‘rtaga Belarus mustaqilligi tikilgan.

Mustaqil Belarusning birinchi rahbari Stanislav Shushkevich, muxolifat yetakchilari Pavel Severinets, Grigoriy Kostusev, parlamentning sobiq deputati Alena Anisim, quvg‘inda faoliyat olib borayotgan Belarus Xalq Respublikasi hukumati rahbari Ivonka Survila va boshqalar mustaqillikka tahdid to‘g‘risidagi bayonotni imzoladi.

Telegram-kanallardagi umumiy auditoriyasi 400 mingga yetadigan 60 nafar blogerdan iborat jamoa o‘z kanallarida quyidagi matnni joyladi:

«Integratsiyani kuchaytirish» va Rossiya bilan «yo‘l xaritalari» imzolash to‘g‘risidagi gap-so‘zlarga javoban Belarus Telegram-hamjamiyati quyidagilarni bildiradi:

- Belarus mustaqilligi savdolashadigan narsa emas;

- mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligiga zarar yetkazadigan har qanday hujjatni imzolash nomaqbul;

- Rossiya bilan integratsiyani chuqurlashtirish mamlakatimiz milliy manfaatlariga ziyon keltiradi».

Shanba kuni, Lukashenko va Putin Sochida uchrashganida muxolifat xalqni Minskdagi markaziy maydonga chaqiradi. 

Faollarni Lukashenkoning parlamentda aytgan mustaqillik saqlab qolinishi to‘g‘risidagi bayonoti ham ishontira olmadi: ijtimoiy tarmoqlar va nodavlat OAVda Rossiya telekanallariga intervyusida Belarusni «suverenitet kamayishidan» cho‘chimaslikka chaqirgan Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevdan iqtiboslar keltirilmoqda.

«Bahsli» raqamlar

O‘tgan haftada Rossiya va Belarus matbuotida MGIMOning xalqaro aloqalarni tahlil qilish markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari e'lon qilindi. Tadqiqot doirasida belaruslardan ularning Rossiyaga nisbatan munosabati so‘ralgan. Ta'kidlanishicha, belaruslarning qariyb 90 foizi Rossiya bilan ittifoqchilik yoki sheriklik munosabatlari tarafdori. 

«O‘n kishidan bittasigina mustaqil Belarus tarafdori!» – deb izohladi Rossiya va Belarusdagi qator saytlar ushbu tadqiqotni.

Belarus milliy fanlar akademiyasining sotsiologiya instituti ushbu ma'lumotlarni noqonuniy va noto‘g‘ri deb atadi.

Sotsiolog mutaxassis Aleksandr Dombrovskiyning bildirishicha, MGIMO tadqiqotchilari Belarusda ijtimoiy so‘rov o‘tkazish uchun akkreditatsiyadan o‘tmagan (bu majburiy); savollar tuzilishini to‘g‘ri va Belarus hamda Rossiya ittifoqi mavzusi ahamiyatiga aloqador deb bo‘lmaydi.

Sotsiologiya instituti aprel oyida o‘zi o‘tkazgan tadqiqot natijalarini keltirdi.

Undagi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakat fuqarolarining 49,9 foizi Belarus mustaqil davlat bo‘lishi va Rossiya bilan munosabatlarni xalqaro shartnomalar asosida qurishi kerak deb hisoblaydi. Belarusning Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi tarafdorlari 2019 yilda atigi 7,7 foizni tashkil etgan.

Belarusning butkul mustaqilligini istovchi fuqarolar soni 2003 yildan buyon 14,9 foizga oshgan, Rossiya bilan teng huquqli ittifoq tarafdorlari esa 13,3 foizga kamaygan, deb qayd etmoqda Belarus rasmiy sotsiologlari. Shu bilan birga, ularning ta'kidlashicha, belaruslar Rossiyani eng yaqin do‘st mamlakat (60,5 foiz) va tashqi siyosatdagi eng muhim yo‘nalish (47,6 foiz) deb bilishadi.

Mavzuga oid