Jamiyat | 09:34 / 06.12.2019
8433
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda bir oilaning hayoti viloyat IIB patrul-post xizmati xodimlari tomonidan saqlab qolindi

Shu  yilning 3 dekabr kuni tungi soat 03:00 atrofida Andijon shahri, Mustaqillik ko‘chasidagi 16-uyda yong‘in kelib chiqqan. Xonadon egasi Saydullo Eminjonov oila a'zolari bilan qattiq uyquda bo‘lgani bois yong‘in boshlanganini sezmagan.

Bu paytda mazkur hududda xizmatda bo‘lgan viloyat IIB PPX va JTSB PPX bataloni 4-otryad haydovchi-xodimi safdor M.Azizov hamda Otliq otryad otliq-xodimi safdor S.Tojiboyev yong‘inni payqab qolib, darvozani taqillatgan holda xonadon egalarini uyg‘otishga urinib ko‘rishgan. Lekin qattiq uyquda yotgan oila a'zolari darvoza taqillaganini eshitishmagan. 

Bu vaziyatda xodimlar fursatni boy bermaslik uchun darvozani buzib ichkariga kirishadi va xonadon egalarini uyg‘otishadi. Xuddi shu vaqtda yong‘in birdaniga kuchayib ketib, tashqariga chiqish yo‘lagini olov qamrab oladi. IIB xodimlari zudlik bilan aloqa vositasi orqali shu atrofda xizmatda bo‘lgan sheriklarini yordamga chaqirishadi. Shundan keyin ular mazkur xonadonda yashovchi 6 kishini yong‘in bo‘layotgan xonalardan qo‘shni xonadon devoriga narvon qo‘ygan holda xavfsiz joyga olib chiqishadi.

So‘ngra voqea joyiga yetib kelgan yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari bilan birgalikda yong‘inni bartaraf etishda qatnashishadi. Shu bilan birgalikda, jamoat tartibini saqlash va boshqa fuqarolar xavfsizligini ta'minlash choralarini ham ko‘rishadi.

«Shu tariqa Andijon viloyati IIB  patrul-post xizmati xodimlari jasurlik, qat'iyat va tezkorlik namunasini ko‘rsatib, Eminjonovlar oilasi a'zolari – er-xotin va ularning 4 nafar farzandi hayotini saqlab qolishdi», deyiladi Andijon viloyati IIB axborot xizmati xabarida.

Mavzuga oid