Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vazirlik: xorijiy OTMdan o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish tartibiga o‘zgartirish kiritilmadi
Ijtimoiy tarmoqlarda oliy ta'lim tizimiga oid xabarlar tarqaldi. Jumladan, xorijiy oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarni zudlik bilan ko‘chirib kelish, o‘qishni ko‘chirish uchun imtihonlar pullik bo‘lgani va shunga o‘xshash ma'lumotlar paydo bo‘ldi.
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga ko‘ra, “feyk” axborotlar oqimi vazirlik kanalida noqonuniy tarzda abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinayotgani va shu kabi qonunga zid holatlardan aholini ogohlantirish maqsadida ma'lumot e'lon qilingandan so‘ng kuchaygan.
“Bunday yolg‘on xabarlarga vazirlik rasmiy telegram kanalining havolasi qo‘yilishi ortidan ayrim yurtdoshlarimiz ularga ishonib qolmoqda, vazirlikka og‘zaki, yozma va internet orqali murojaatlar soni ko‘paymoqda”, - deyiladi vazirlik bayonotida.
Qayd etilishicha, xorijda tahsil oladigan talabalar va ularning ota-onalariga shuni rasman ma'lum qilamizki, xorijiy oliy ta'lim muassasalaridan o‘qishini O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalariga ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash tartibiga hech qanday o‘zgartirish kiritilgani yo‘q.
Bu bo‘yicha barcha jarayonlar Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi “Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 393-sonli qarori asosida amalga oshiriladi.
Bunda xorijiy oliy ta'lim muassasalaridan o‘qishini O‘zbekiston OTMga ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash istagini bildirgan fuqarolar tizimida OTM mavjud vazirlik va idoralarda tashkil qilingan komissiyalarda o‘qishi ko‘chirilayotgan OTMning muayyan ta'lim yo‘nalishidagi o‘qishga kirish fanlari bo‘yicha o‘qiydigan tilida maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish yoki kasbiy (ijodiy) imtihon shaklida) topshiradi.
Joriy yil 28-30 avgust kunlari xorijiy oliy ta'lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash bo‘yicha murojaat qilgan nomzodlar uchun masofaviy onlayn test sinovlari o‘tkazildi.
2020/2021 o‘quv yili uchun sinovlar kelgusi yilda bo‘lib o‘tadi. 2019 yilda o‘qishni ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash bo‘yicha imtihonlar o‘tkazilmaydi.
Xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta'lim muassasalari reytingida birinchi 1000talikdan joy olgan Rossiya Federatsiyasi oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan talabalarning arizalariga muvofiq ularning o‘qishi Davlat komissiyasi qarori bilan O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalariga sinovlar (test, yozma ish)siz to‘lov-kontrakt asosida ko‘chiriladi.
Bu turkumga kiruvchi OTMlarda tahsil oladigan talabalar ham 2020 yilning 15 iyuldan 5 avgustga qadar murojaat qilishlari kerak.
Talabalar o‘qishini ko‘chirish uzrli sabablarga ko‘ra (respublikaning bir hududidan ikkinchi hududiga doimiy yashash uchun yoki turmushga chiqish munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan (pasport bo‘yicha doimiy ro‘yxatdan o‘tgan) hududga ko‘chib o‘tganda, turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi harbiy xizmat o‘tash joyini o‘zgartirganda, yoxud ota-onasi (turmush o‘rtog‘i) xorijdagi davlat xizmatidan qaytganda) bahorgi semestrda o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishidan oldin ham amalga oshirilishi mumkin.
Bunda o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirish — har yili 20 dekabrdan keyingi yilning 20 yanvariga qadar; o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizani ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish — har yili 25 yanvardan 15 fevralga qadar amalga oshiriladi.
“Fursatdan foydalanib, yurtdoshlarimizdan ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan turli asossiz xabarlarga ishonib qolmaslikni, oliy ta'limga oid muhim xabarlarni vazirlikning rasmiy telegram kanali- @eduuz orqali tanishib borishni so‘rab qolamiz”, - deya yakunlangan ma'lumot.
Mavzuga oid
10:13 / 13.06.2026
Talabalar o‘qishini ko‘chirishning yangi tartibi tasdiqlandi
15:23 / 01.06.2026
Samarqanddagi 4 ta oliygoh qayta tashkil etiladi
20:55 / 29.08.2025
Oliy ta’lim vazirligi 5 ta xususiy universitetning qo‘shimcha litsenziyasini xatoga chiqardi. Adliya vazirligi xatolik bo‘lganini rad etdi
20:59 / 22.08.2025