Jazoni o‘tash muassasasidan ozod etilgan 7154 kishi ishga joylashtirilgan - Vazirlik
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bo‘lim boshlig‘i Abduvahob Qulmanovning ma'lum qilishicha, 2019 yil davomida jazoni o‘tash muassasasidan ozod etilgan 7154 nafar shaxs ishga joylashtirilgan. Vazirlik mulozimi bu haqda 9 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
«O‘tgan vaqt mobaynida jazoni o‘tash muassasasidan ozod etilgan 7761 nafar shaxsning mehnatga layoqatli 7154 nafari ishga joylashtirilgan. Qolgan qismi tibbiy muassasalarga davolanishga yuborilgan, nogironlik yoki yoshga doir pensiyaga chiqarilgan. Mahkumlarning 1789 nafariga joylardagi bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan ish topib berilgan, 624 nafariga kvotalangan ish o‘rinlaridan vakansiya ajratilgan, 272 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi, 2101 nafar shaxs mustaqil ravishda korxona va tashkilotlarga ishga joylashgan bo‘lsa, 1687 nafari norasmiy sektorda faoliyat olib bormoqda», deya Abduvahob Qulmanovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Tadbirda jazoni o‘tash muassasalridan qaytgan fuqarolarning 11 nafari kasbga o‘qitish, qayta tayyorlash, malakasini oshirishga yuborilgani, 13 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlangani, 10 nafari o‘quv kurslariga jalb qilingani ma'lum qilindi.
Ta'kidlanishicha, 2019 yilda ozodlikka chiqarilgan 7761 nafar shaxsning 389 nafari ayollar, 944 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar, qolgani erkaklardir.
«2020 yilda respublikaning 200ta tumanida 109 mingta ish o‘rni mehnat bozorida ish topishga qiynaladigan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun zaxiralab qo‘yilgan bo‘lib, jazoni o‘tash muassasalaridan qaytadigan shaxslar ham ana shu toifaga kiradi. 2020 yilda ular uchun 5590ta ish o‘rni zaxiraga olingan. Ushbu ish o‘rinlari kelgusi yil davomida jazoni o‘tab qaytadigan fuqarolarga taqdim etiladi», deydi Abduvahob Qulmanov.
Avvalroq mahkumlar mehnati bilan topilgan daromadlar miqdori ochiqlangan, O‘zbekistonda mahkumlar qancha oylik olishi aytilgan edi.