Iqtisodiyot | 11:14 / 10.12.2019
5084
3 daqiqa o‘qiladi

Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilariga QQSdan yengilliklar belgilanmoqda

2019 yil 9 dekabr kuni  Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.

Qonun loyihasi joriy yilning 26 noyabrida parlament quyi palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan. Unda siyosiy partiya fraksiyalari, deputatlik birlashmalari loyihani takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohaza bildirib, bir qator takliflarni ilgari surgan edi.

Qonun loyihasining mazmuni kengaytirildi. Endi uning matni 11 bob va 44 moddadan iborat. Asosiy tushunchalarga aniqliklar kiritildi.

Maxsus iqtisodiy zonalarning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash maqsadida ular faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirish masalasini har bir yil uchun O‘zbekiston Respublikasining rivojlantirish dasturlarini shakllantirishda nazarda tutish qonunning 6-moddasida belgilab qo‘yildi.

Qonun loyihasining dastlabki ko‘rinishida qo‘shimcha qiymat solig‘i maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilariga tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan edi. Deputatlarning bildirgan e'tirozlarini inobatga olgan holda, endilikda maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilariga qo‘shimcha qiymat solig‘idan yengilliklar belgilandi. Undan tashqari, respublikada ishlab chiqarilmaydigan va investitsiya bitimiga muvofiq investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda olib kirilgan qurilish materiallari bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Bu, deputatlar fikriga ko‘ra, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomiga ega bo‘lish tartibi va mazkur jarayonni amalga oshirish tartibi haqidagi norma alohida moddaga o‘tkazildi.

Qonun loyihasining dastlabki variantida maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil etish, uning faoliyat muddatlarini o‘zgartirish va muddatidan avval tugatish taklifini bildirish vakolati Vazirlar Mahkamasi hamda mahalliy hokimliklarga berilishi belgilangan edi. Deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar asosida ushbu vakolatlar O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan ham amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Shuningdek, qonun loyihasidan “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasiga bag‘ishlangan alohida modda chiqarilmoqda. Deputatlarning tushuntirishicha, bunga ushbu hudud uchun alohida yengilliklar, imtiyozlar belgilanmagani, u alohida xususiyatlarga ega emasligi sabab bo‘ldi.

“Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi moddama-modda ko‘rib chiqilganidan so‘ng uni deputatlar ikkinchi o‘qishda ma'qulladilar.

Mavzuga oid