O‘zbekiston | 11:03 / 10.12.2019
3644
3 daqiqa o‘qiladi

Parlament: davlat bojlarining stavkalari asossiz oshirilmaydi

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Parlament quyi palatasining 2019 yil 9 dekabrda o‘tkazilgan navbatdagi majlisida bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Parlament saytida xabar qilinishicha, kun tartibidagi masalalardan biri - “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda, bobma-bob ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish doirasida tayyorlangan bo‘lib, davlat bojlarini undirishni tartibga soluvchi 38 ta normativ-huquqiy hujjatni o‘zida birlashtirgan.

Qayd etilganidek, xorijiy ilg‘or amaliyotni o‘rganish natijalari bo‘yicha, yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik yoki bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun undiriladigan davlat boji Soliq kodeksining yangi tahririni ishlab chiqishda uni tartibga solish predmetidan chiqarilib, alohida qonun loyihasiga o‘tkazildi.

Davlat rahbarining 2017 yil 2 sentyabrdagi “Valuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat bojlari, yig‘imlari va boshqa majburiy to‘lovlar faqat milliy valutada undirilishi belgilangan. Konsullik yig‘imlari bundan mustasno.

Farmon ijrosini ta'minlash maqsadida, loyiha bilan xorijiy valutada belgilangan davlat bojlari stavkalari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ya'ni, ularni bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqib, so‘m ekvivalentida undirish tartibi qonun loyihasida o‘z aksini topgan. Umuman olganda, davlat boji stavkalari o‘zgarishsiz qolmoqda. Ularning miqdori qonun loyihasi ilovasiga muvofiq belgilanadi.

Qonun loyihasida bir qator turlar bo‘yicha stavkalar pasaytirilishi ham ko‘zda tutilgan. Xususan, mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlaganlik hamda adliya organlari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun to‘lanadigan davlat bojlarining kamaytirilishi belgilanmoqda.

Parlament quyi palatasida o‘tkazilgan bir qator ishchi guruhi majlislarida qonun loyihasini pishitish jarayonida parlament a'zolari tomonidan ko‘tarilgan taklif va mulohazalarning aksariyati inobatga olinib, loyihada o‘z aksini topdi.

Deputatlar ta'kidlashicha, davlat bojining aniq miqdorlari qonun darajasida belgilanishi mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi. Shuningdek, davlat boji stavkalarining asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mavzuga oid