Iqtisodiyot | 08:28 / 30.03.2026
2962
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 15 turdagi mahsulot uchun xomashyoga import bojlari bekor qilinadi

Tarkibidagi xomashyo O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan 15 turdagi mahsulot uchun xomashyoga import bojlari olib tashlanadi. Maqsad – mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va ichki bozordagi raqobatni oshirish. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev qandolat mahsulotlari misolida vaziyatni izohlab, ayni paytda shokolad va boshqa shirinliklarni import qilish mahalliy ishlab chiqarishdan arzonga tushayotganiga e’tibor qaratdi. Buning asosiy sababi tayyor mahsulotlarga bojlar yo‘q, ammo xomashyoga tariflar saqlanib qolyapti.

Foto: Kun.uz 

O‘zbekistonda 15 turdagi mahsulotni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo importiga bojxona bojlari bekor qilinadi. Bu haqda 28 mart kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Idoralararo komissiyaning Jahon savdo tashkiloti bilan hamkorlik bo‘yicha tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ilk ochiq muloqotida ma’lum qildi.

Xo‘jayevning ta’kidlashicha, ayrim mahsulotlarda “tarif inversiyasi” holati mavjud. Ya’ni tayyor mahsulotlar import qilinishi arzonroq, ammo ushbu turdagi mahsulotlarni mamlakat ichida ishlab chiqarish uchun kerakli xomashyolarga yuqori bojlar qo‘llanyapti. Natijada mahalliy ishlab chiqaruvchilar tannarxning oshishi, import mahsulotlari bilan raqobat qilish imkoniyatining pasayishi kabi muammolarga duch kelishyapti, ko‘p korxonalar to‘laqonli ishlay olmayapti.

Bosh vazir o‘rinbosari qandolat mahsulotlari misolida vaziyatni izohlab, ayni paytda shokolad va boshqa shirinliklarni import qilish mahalliy ishlab chiqarishdan arzonga tushayotganiga e’tibor qaratdi. Buning asosiy sababi tayyor mahsulotlarga bojlar yo‘q, ammo xomashyoga bojlar saqlanib qolyapti.

2025 yil dekabr oyida prezident JST bilan hamkorlik bo‘yicha Idoralararo komissiyaga “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi doirasida ayrim tovarlarni olib kirishga va tayyor mahsulotlarni ichki bozorda sotishga ruxsat berish vakolatini bergan edi. Ishchi guruh tahlil o‘tkazib, tajriba tariqasida yangi tartib qo‘llanishi rejalashtirilayotgan bir qator tovarlarni tanlab olgan. Xususan, 15 turdagi mahsulot uchun xomashyo importida bojlar bekor qilinishi mumkin. Ular qatoriga quyidagilar kirishi mumkin:

  • elektr skuterlar;
  • nogironlik aravachalari;
  • kungaboqar yog‘i;
  • marmeladlar;
  • karamelli shirinliklar;
  • shokolad;
  • bolalar ozuqasi;
  • tez tayyorlanadigan ugra;
  • pryanik va pechenelar;
  • vaflilar;
  • piroglar;
  • kekslar;
  • jyem va murabbolar;
  • konservalangan qulupnay;
  • shakarli ichimliklar.

Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkor mahsulotni ichki bozorda sotgan taqdirdagina QQS to‘laydi. Bundan tashqari, tayyor mahsulot mamlakat ichida sotilganda, unga tayyor mahsulot sifatida boj undiriladi, biroq uni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha xomashyo bojsiz olib kiriladi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid