Davlat xizmatlari agentligi direktori tizimdagi muammolarni sanab o‘tdi
Davlat xizmatlari agentligi direktori Xalilillo To‘raxo‘jayev AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimidagi yechimini kutayotgan muammolar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ta'kidlanishicha, davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar idoralararo integratsiya platformasiga ulanmagani oqibatida ular o‘rtasida o‘zaro elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilmagan. Ayrim davlat organlarida hanuz idoraviy ma'lumotlar bazalari shakllantirilmagani sababli ularni yagona davlat xizmati platformasiga ulashning imkoni mavjud emas. Shu bilan birga, davlat xizmatlari markazlarida fuqarolar murojaatlarini tasdiqlashning (identifikatsiya) muqobil vositalari mavjud emas. Markazlar orqali yuborilayotgan ayrim murojaatlarni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmoqda. Bu esa markazlarga qayta murojaat qilayotgan fuqarolar uchun noqulayliklar keltirib chiqarmoqda.
«Bundan tashqari, davlat xizmatlari agentligi tizimida ISO xalqaro standartlar talabi asosida sifatni boshqarish (ISO 9001), korrupsiyaga qarshi kurashish (ISO 37001), axborot xavfsizligini ta'minlash (ISO 27001) tizimlari mavjud emas. ISO xalqaro sertifikatlari tashkilotning boshqaruv tizimi, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda axborot xavfsizligining ta'minlanganlik darajasini ko‘rsatuvchi xalqaro e'tirofdir.
Bugungi kunda davlat idoralarida turli dasturlash tillari va standartlarda axborot tizimlari yaratilmoqda. Bu esa o‘z navbatida ushbu tizimlarni yagona idoralararo hamkorlik tizimiga integratsiya qilishda muammolar yuzaga keltirmoqda. Davlat xizmatlari markazlari orqali aholiga davlat xizmati ko‘rsatish jarayonini kuzatish, xodimlarning ish samaradorligini yetarli darajada nazorat qilish imkoniyati mavjud emas», deya Xalilillo To‘raxo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Davlat xizmatlari agentligi rahbari mazkur muammolarni bartaraf etish uchun 2020-2025 yilga mo‘ljallangan Davlat xizmatlari agentligini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va unda 5 yilga mo‘ljallangan istiqboldagi rejalari va ustuvor yo‘nalishlari belgilab qo‘yish, davlat xizmatini ko‘rsatuvchi organlardagi qog‘oz ko‘rinishidagi arxiv ma'lumotlarini to‘liq raqamlashtirish (otsifrovka) masalalariga e'tiborni kuchaytirishni taklif qildi. Uning aytishicha, shunda davlat xizmatlarini ko‘rsatishga mas'ul bo‘lgan barcha davlat idoralarining arxiv ma'lumotlarini 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich raqamlashtirish talab etiladi.
«Davlat xizmatlari markazlarida fuqarolar murojaatlarini tasdiqlashning (identifikatsiya) muqobil vositalarini joriy qilish kerak. Shunda fuqarolar ERI olishi va uni doimo o‘zlari bilan olib yurishga ehtiyoj qolmaydi. Xodimlar va davlat xizmatlari markazlari samaradorligini baholash mexanizmini, situatsion markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yilsa, markazlardagi aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining monitoringi real vaqt rejimida yuritiladi. Aholi zich joylashgan jamoat joylarida (aeroport, vokzal, metro stansiyalari, savdo va ko‘ngilochar majmualar) o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish uchun interfaol ma'lumot kiosklarini tashkil etish orqali «Yo‘l-yo‘lakay» davlat xizmatlarini joriy etish aholiga davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurmasdan, kunning istalgan vaqtida davlat xizmatlarini olish imkoniyatini beradi. Bepul davlat xizmatlaridan tashqari, ma'lumot kiosk orqali davlat bojini to‘lab onlayn tarzda pullik davlat xizmatini olishi imkoniyati ham yaratiladi. Bu esa, o‘z navbatida, vaqt sarfini kamaytiradi», deydi Xalilillo To‘raxo‘jayev.
Tadbirda, shuningdek, davlat organlarida axborot tizimlarini joriy qilish va yagona idoralararo hamkorlik tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha davlat standartlari yaratilsa, davlat organlari tomonidan axborot tizimlari yagona standart asosida yaratilishi va ushbu axborot tizimlarini idoralararo elektron hamkorlik tizimiga integratsiya qilish soddalashishi, agentlik tizimida ISO xalqaro standartlar talabi asosida sifatni boshqarish, korrupsiyaga qarshi kurashish, axborot xavfsizligini ta'minlash tizimlari yaratilsa, agentlikda xizmat ko‘rsatish sifat jihatdan rivojlanishi, korrupsiyaning oldini olish aniq chora-tadbirlari belgilanishi va axborot xavfsizligi ta'minlanishi aytildi.
Mavzuga oid
14:56 / 31.12.2021
Bog‘chaga navbatga qo‘yish, xorijga chiqish uchun qo‘yilgan taqiqni aniqlash va yana uchta xizmatdan telefon orqali foydalanish mumkin
16:37 / 01.06.2021
«Mehr-5» operatsiyasida O‘zbekistonga olib kelingan bolalarga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar berildi
17:17 / 26.04.2021
Yilning birinchi choragida davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida 100 mingdan ortiq qonun buzilishi aniqlandi
09:14 / 14.04.2021