11:02 / 12.12.2019
1
4742

Qarshi shahrida ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar o‘z uyiga ega bo‘ldi

Dilorom Shodiyeva 2-guruh nogironi bo‘lishi bilan birga farzandini yolg‘iz o‘zi tarbiya qilmoqda. Uyi yo‘qligi sabab ko‘p vaqt ijarada yashashga majbur bo‘lgan. Bugun u shinam va barcha qulayliklarga ega xonadonlardan birining sohibasiga aylandi.

Dilorom Shodiyeva 2-guruh nogironi

Oramizda ehtiyojmand, kam daromadli oilalar ham borki, yashash uchun joy qilishga moddiy imkoniyati yetmaydi. Shu maqsadda O‘zbekistonda kam ta'minlangan, nogironligi bor, boquvchisini yo‘qotgan, ayniqsa, og‘ir ijtimoiy sharoitga tushib qolgan oilalarga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish, uy-joy bilan ta'minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Qarshi shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda yuqoridagi fikr amalda yana bir bor o‘z isbotini topdi. Uzoq vaqt boshpanasizlikdan qiynalgan 50 nafardan ziyod xotin-qiz, nogironligi bor shaxslarga «O‘zshahar qurilish invest» IK tomonidan qurib bitkazilgan arzonlashtirilgan ko‘p qavatli uylarning kalitlari tantanali topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda so‘z olganlar ayni jabhada Prezidentimiz yuritayotgan siyosat mohiyati va hozirgi kundagi amaliy natijasi haqida fikr bildirishdi. Mehmonlar, jumladan, keng jamoatchilik vakillari guvohligida uyga egalikni tasdiqlovchi sertifikat va yangi xonadon kalitlari o‘z egalariga berildi. Tadbir asnosida mehmonlar ko‘p qavatli uyda yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Yangi xonadon sohiblarini qutlashib, bu uylarda eng yaxshi damlarni o‘tkazishiga tilakdosh bo‘lishdi.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 oktyabrdagi PQ-3350 sonli qaroriga muvofiq «O‘zshahar qurilish invest» injiniring kompaniyasi tomonidan Qarshi shahrida 3 yilda jami 35 ta ko‘p kvartirali arzon turarjoylar bunyod etildi. Xususan, 2017 yilgi Dasturga muvofiq 7 ta 5 qavatli 315 xonadonli uy-joylar qurilib foydalanishga topshirilgan bo‘lsa 2018 yilda jami 14 ta 5 qavatli 630 xonadonli uy-joylar bunyod etildi. Joriy yilda 14 ta 7 qavatli 588 xonadonli uylar qurib bitkazildi.

E'tiborlisi, 50 nafardan ziyod xotin-qizga topshirilgan xonadonlar umumiy qiymatining 10 foizi davlatimiz tomonidan to‘lab berildi.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top