O‘zbekiston | 21:41 / 12.12.2019
11231
2 daqiqa o‘qiladi

Vazir: «Kafolat beraman, 2025 yilgacha sug‘oriladigan yerlarimizning to‘rtdan bir qismi yangi texnologiyada suv ichadi»

Foto: Xalqaro press-klub

Xalqaro press-klubning 12 dekabr kungi sessiyasida qishloq xo‘jaligi maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish va bu boradagi muammolar muhokama qilindi.

Sessiyada Kun.uz muxbiri tomonidan fermer xo‘jaliklarining moliyaviy imkoniyati masalasi ko‘tarilib, necha foiz fermer xo‘jaliklari bugungi kunda suv tejovchi texnologiyalarni (tomchilatib sug‘orish) joriy qilishga layoqatli ekani borasida savol berildi.

Savolga O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev javob qaytardi.

«Yakunlanayotgan yilda O‘zbekistonda 33.8 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish, 1.1 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish, 2.2 ming gektarda pulsar sug‘orish, jami bo‘lib esa 36.6 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishga o‘tildi.

Bizda 2025 yilgacha respublikadagi qishloq xo‘jaligi maydonlarining kamida 1\4 qismida suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishga o‘tish rejasi bor. Umuman olganda, men bunga kafolat beraman.

Bu masalada ilg‘or fermerlar, klasterlar bizni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Shuningdek, eslatib o‘tmoqchiman, prezidentning «Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.

Unga ko‘ra, kelgusi yildan tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etganlik uchun gektariga 8 mln so‘m, yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari uchun 4 mln so‘m va diskretli (pulsar) sug‘orish uchun 1 mln so‘m davlat subsidiyasi beriladi», deya vazir so‘zlarini keltirmoqda sayt muxbiri.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid