Markaziy bank iste'molchilarga eslatma bilan chiqdi
Markaziy bank bank xizmatlari iste'molchilariga eslatma bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, Markaziy bankka jismoniy shaxslardan o‘z mulkini (ko‘chmas mulk yoki avtomobil) sotishdan tushgan pul mablag‘larini, dividend yoki gonorarlarni o‘zlarining bank kartalari va depozit hisobvaraqlari orqali olish tartibi yuzasidan ko‘plab murojaatlar tushmoqda.
Bildirilishicha, jismoniy shaxslar, xususiy mulkini sotishdan tushgan pul mablag‘larini, shuningdek, dividendlar, ijodiy faoliyatidan olingan gonorarlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlarini o‘zlarining bank kartalari va depozit hisobvaraqlariga cheklovlarsiz olish huquqiga ega.
Mulk oldi-sotdi shartnomasini tuzishda, shuningdek, dividend va boshqa qonuniy to‘lovlarni olishda, to‘lovni amalga oshiruvchi tomonga mablag‘ oluvchining bank kartasi yoki depozit hisobvarag‘ining bank rekvizitlarini taqdim etish zarur, ularni xizmat ko‘rsatuvchi bankdan olish mumkin.
Banklarning mobil ilovalaridan yoki to‘lov tashkilotlarining (Payme, Click, Paynet va boshqalar) xizmatlaridan foydalanganda, to‘lovchiga mablag‘ oluvchining bank kartasi raqamini berishning o‘zi kifoya.
Mobil ilovalar va boshqa o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi vositalar orqali pul mablag‘lari bilan to‘lovlar va o‘tkazmalar amalga oshirganda, hech qachon va hech kimga SMS-xabar ko‘rinishida olinadigan bir martalik parolni bermaslik kerak.
Agar bank kartasi SMS orqali xabar berish xizmatiga ulangan bo‘lsa, u holda bank kartasi egasi mobil telefon orqali SMS-xabarnoma yoki Telegram-bot orqali uning bank kartasiga mablag‘ tushganligi haqida ma'lumot olishi mumkin.
Banklar jismoniy shaxslarning bank kartalari yoki depozit hisobvaraqlariga mablag‘larni kirim qilganligi uchun vositachilik haqi undirishga haqli emas, deyiladi ma'lumotda.
Mavzuga oid
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 43 mlrd dollardan oshdi
11:23 / 01.11.2024