O‘zbekiston | 14:30 / 14.12.2019
5819
3 daqiqa o‘qiladi

Bog‘chalarda bolalarni ovqatlantirish talabga javob beradimi?

Senatning 25-yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda. Yalpi majlis kun tartibiga ko‘ra, “Maktabgacha ta'lim va tarbiya to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun muhokamasi chog‘ida bildirilishicha, maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalarni autsorsing uslubida (tashkilot rahbariyati emas, balki chetdan jalb qilingan tadbirkor xizmati asosida) ovqatlantirishda muammolar kuzatilmoqda. 

“Bolalarni ovqatlantirish autsorsing uslubida amalga oshirilayotgan bog‘chalarda muammolar borligini ko‘rmoqdamiz. Tadbirkor tomonidan tayyorlanayotgan ovqatlarning sifatsiz ekanligi holatlari qayd etilgan. Xususan, ovqat sifati talabga javob bermagan hollarda bog‘cha rahbariyatining e'tirozlari tadbirkor tomonidan hatto inobatga olinmayotgan hollar kuzatilmoqda”, − deydi senator Sayyora Baratova.

Maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari Maqsudjon Yo‘ldoshevning ma'lumot berishicha, hozirda maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ovqatlantirish ikki xil − muassasa rahbariyati tomonidan va autsorsing uslubida yo‘lga qo‘yilgan.

“2018 yilda Toshkent shahrida 70dan ortiq muassasada autsorsing usuli sinov tariqasida joriy etildi. Ota-onalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, autsorsing uslubida ovqatlantirishdan ota-onalarning 98 foizi mamnunligini bayon etgan. Muassasa rahbariyati tomonidan ovqatlantirishda esa 68 foiz ota-onalar ijobiy fikr bildirgan”, − deydi u. 

Yo‘ldoshevga ko‘ra, ovqatlantirish tizimining bog‘cha rahbariyati tomonidan tashkil etilishi murakkab bo‘lib, vazirlik tomonidan bunga aniq yechim topilgan emas. Autsorsing tizimida esa barcha mas'uliyatni tadbirkor o‘z bo‘yniga oladi. Agar autsorserga nisbatan e'tirozlar bo‘lsa, MMTning maxsus komissiyasi tomonidan tadbirkor bilan shartnoma bekor qilinadi. 

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, bog‘chalarda ovqatlantirishning keytering va taomni yetkazib berish kabi ko‘rinishlarini joriy qilish rejalashtirilmoqda.

“Maktabgacha ta'lim va tarbiya to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid