O‘zbekiston | 17:15 / 15.12.2019
7264
5 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryolik saylovchilar diqqatiga!

Ijtimoiy demokratik davlat barpo etishni oliy maqsad deb biladigan Xalq demokratik partiyasi ijtimoiy tenglik va adolat, ijtimoiy birdamlik va ijtimoiy demokratiya g‘oyalaridan iborat bo‘lgan mafkurasini ro‘yobga chiqarish yo‘lida yangi saylovlarda siyosiy kurash maydoniga kirdi.

Partiyamiz saylovda bir qator muhim taklif-tashabbuslar bilan chiqmoqda. Bular – ijtimoiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari, aholining kam ta'minlangan qatlamlari, pensionerlar, nogironlarning hayot darajasi va sifatini oshirish, barcha fuqarolarni kundalik ehtiyoj tovar va xizmatlaridan foydalanishini ta'minlash, uy-joy va kommunal xizmatlarni sotib olishning ijtimoiy maqbulligi, tibbiy xizmat ko‘rsatishning ijtimoiy maqbulligi bilan ta'minlash, ta'lim sohasidagi ijtimoiy ustuvorliklar, madaniy-gumanitar sohadagi teng imkoniyatlar bilan ta'minlash.

Sirdaryo viloyatidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga nomzodlarimiz ilgari surayotgan reja va maqsadlar ana shu vazifalarni o‘zida aks ettirgan.

Gulchehra Islamova, pedagog, Oq oltin tumanidagi 10-maktab direktori, 72-Guliston saylov okrugidan nomzod:

– Ijtimoiy himoya tushunchasi nafaqat ijtimoiy yordam va nafaqalar bilan ta'minlashni, shu bilan birga, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini izchil rivojlantirishni ham qamrab oladi. biz har bir insonning hayotiy zarur ijtimoiy xizmatlardan bepul foydalanishini qonunchilik darajasida va real hayotda kafolatlashni istaymiz. Biz fuqarolarning ta'lim olish, sog‘liqni saqlash va tibbiy yordamdan foydalanish, uy-joy, ijtimoiy himoya, madaniy hayotda ishtirok etish va malakali yuridik xizmatdan foydalanish huquqlari kafolatlanadi.

Azizaxon Payziyeva, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Guliston shahar bo‘limi rahbari, 73-Sayxun saylov okrugidan nomzod:

– Biz «Nomevisits» (uyga tashrif buyurish) maktabgacha ta'lim xizmatlarini yanada rivojlantirish va bu borada tegishli pedagogik ta'limga ega, biroq maktabgacha yoshdagi farzandi tarbiyasi bilan mashg‘ulligi tufayli ishlamaydigan ayollarning munosib ish haqi olishlariga imkon berish tarafdorimiz. Ular maktabgacha ta'lim tarbiyachilari sifatida, jumladan, maktabgacha yoshdagi bolalarni uyiga tashrif buyurish dasturi doirasida bolalarga maktabgacha ta'lim berish bilan shug‘ullanishlari, ularni yozish, rasm chizish, narsa yasash asoslariga o‘rgatishlari mumkin. Bu borada O‘zbekiston XDP joylardagi xalq ta'limi boshqarmalari, xotin-qizlar qo‘mitalari bilan ilgari imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar doirasida faol ishlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Nuriddin Usmanov, buxgalteriya hisobi va audit, Sirdaryo viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, 74-Yangiyer saylov okrugidan nomzod:

– Partiyamiz, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogiron farzandlarini tarbiyalayotgan ota-onalar, ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan ayollar, farzandlarini to‘liq bo‘lmagan oilalarda tarbiyalayotgan va yashash sharoitlarini yaxshilashga harakat qilayotgan kam ta'minlangan onalar uchun arzon uy-joylar qurilishi dasturlarini kengaytirishga ham erishadi. Biz bu borada imtiyozli ipoteka kredit berish amaliyotini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega deb hisoblaymiz. Va biz uy-joy va kommunal xizmatlarning ijtimoiy ma'qbullik darajasini oshirishga erishmoqchimiz!

Jamoliddin Tashkulov, moliyachi, “Turonbank” aksiyadorlik tijorat loyihalarni moliyalashtirish departamenti direktori, 75-Boyovut saylov okrugidan nomzod:

– Partiyamiz yurtdoshlarimizning mehnati yuqori baholanishi, mehnatiga yarasha haq olishi va tadbirkorlik sub'yektlarining o‘rtacha ish haqidan yuqori maosh to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari yaratishini rag‘batlantirish zarur, degan tashabbusni ilgari suryapti. Ish haqining yuqori bo‘lishi aholining moddiy sharoitini tubdan yaxshilash, turmush tarzi sifati va darajasida oshirish barobarida iqtisodiyot rivojlanishiga ham turtki bo‘ladi.

Shuni inobatga olgan holda tadbirkorlik sub'yektlarini o‘rtacha nominal hisoblangan ish haqidan yuqori maosh to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari yaratishga rag‘batlantirish nihoyatda dolzarb vazifadir. Aholining turmush farovonligini oshirish, yuqori maoshli ish o‘rinlari bilan ta'minlash qanday imtiyozlar asosida amalga oshirilishini belgilash zarur, deb o‘ylaymiz.

Hurmatli saylovchilar!

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz bersangiz, eng maqbul, eng ishonchli yo‘lni tanlagan bo‘lasiz. Biz yuksak ishonchingizni oqlash uchun qat'iy kurashamiz. Nomzodlarimizga ovoz bering!

O‘zXDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati

Mavzuga oid