Jamiyat | 12:53 / 16.12.2019
4506
4 daqiqa o‘qiladi

SSV «Gulshan» bog‘ida klinika qurilishi jarayonida hudud obodonlashtirilishini ma'lum qildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahridagi «Gulshan» bog‘i hududida ko‘p tarmoqli klinika barpo etilishi, qurilish ishlari jarayonida bog‘dagi daraxtlarga ziyon yetkazilmasligi, klinika atrofida obodonlashtirish ishlari olib borilishini ma'lum qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Xayr, «Gulshan» bog‘i» sarlavhali tanqidiy material yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi quyidagilarni ma'lum qiladi.

Ayni paytda butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Toshkent shahrida ham yangi tibbiyot muassasalarini qurish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yuqoridagi materialda nomi keltirilgan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Gulshan» bog‘ida, shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji kabi hududlarda jami to‘rtta zamonaviy, ko‘p tarmoqli klinikalar qurilishini tashkil etish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.

Ushbu yangi tashkil etilayotgan barcha tibbiyot muassasalari zamonaviy arxitektura va qurilish me'yorlariga muvofiq, eng avvalo, ekologik talablar, sanitariya norma va qoidalariga muvofiq bunyod etiladi.

Chunonchi, «Gulshan» bog‘idagi qurilish jarayonida bog‘dagi daraxtlar holati qat'iy nazoratga olingan. Ya'ni yirik daraxtlarning joyida qolishi va kesilmasligini hisobga olgan holda qurilish ishlari olib boriladi. Tabiiyki, kichik daraxtlar esa boshqa joylarga maxsus texnikalar yordami bilan ko‘chirib o‘tkaziladi. Umuman olganda, hozirgi kunda qarovsiz ahvolga kelgan mazkur bog‘ hududida ko‘p tarmoqli tibbiyot klinikasi qurilishi barobarida, atrofi ham aholining yayrab hordiq chiqarishini ta'minlash maqsadida ko‘rkam qilib, obodonlashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, 2019–2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish Konsepsiyasini amalga oshirish doirasida zamonaviy va innovatsion tibbiyot muassasalarini barpo etish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

So‘nggi uch yil ichida yurtimizda 1300dan ortiq tibbiyot muassasalarida qurilish-ta'mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Xususiy tibbiyot sektori ham jadal rivojlanmoqda. So‘nggi ikki yil ichida nodavlat tibbiyot muassasalari soni 1500taga ko‘payib, hozirda ularning soni 5300tadan oshdi.

Aholining ko‘payishi va mamlakatimizga kelayotgan chet ellik sayyohlar sonining muttasil o‘sib borishi munosabati bilan Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qarshi va boshqa yirik shaharlarda yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga alohida e'tibor qaratilmoqda. E'tiborli jihati, 2020 yilgi investitsiya dasturi doirasida birgina Toshkent shahridagi 34ta tibbiyot muassasasida umumiy qiymati 180 milliard so‘mlik qurish va ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi. Shu o‘rinda kelgusi yilning birinchi choragida to‘rtinchi darajali Bolalar milliy tibbiyot markazi foydalanishga topshirilishini ham alohida ta'kidlash joiz.

Ko‘rinib turibdiki, yurtimizda bo‘lgani kabi poytaxtimizda ham sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar zamirida aholini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olishdek ezgu maqsad mujassam», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid