Jahon | 21:30 / 17.12.2019
8294
2 daqiqa o‘qiladi

Bir yil ichida 10 mlrd dollar: Disney rekord natijani qayd qildi

Walt Disney kinostudiyasining filmlari namoyishidan to‘plagan puli 2019 yil boshidan beri 10 mlrd dollardan oshib ketdi. Kompaniya bunday rekord natijaga “Muz yurak-2” (Frozen 2) multfilmi dunyo prokatida 1,032 mlrd dollar yig‘a olgandan keyin erishdi.

Foto: Reuters

MarketWatch ma'lumotlariga ko‘ra, Disney 2016 yildagi rekordini yangilab, bir yil ichida 10 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ yig‘a olgan ilk kinostudiyaga aylandi va yil oxirigacha hali bu ko‘rsatkichni yaxshilashi mumkin. 2016 yilda kompaniyaning kassa tushumlari 7,6 mlrd dollarni tashkil qilgan.    

Joriy yilda Disney’ning 6 ta filmi namoyishlardan 1 mlrd dollardan ko‘proq pul yig‘a olgan. Bular: “Muz yurak-2”, “Qasoskorlar: Intiho” (2,798 mlrd dollar), “Qirol Sher” (1,656 mlrd dollar), “Kapitan Marvel” (1,130 mlrd dollar), “Oloviddin” (1,032 mlrd dollar) va “O‘yinchoqlar tarixi 4” (1,074 mlrd dollar). 

20 dekabrda Disney “Yulduzlar janglari” filmining 9-qismi –  “Yulduzlar janglari: Skayuokerning yuqorilashi”ni (Star Wars: Episode IX - The Rise of Skywalker) ekranlarga chiqaradi va u kompaniyaning joriy yilda 1 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ to‘plagan 7-filmi bo‘lishi mumkin. 

MarketWatch’ning fikricha, kinokompaniya 2020 yilda bunday muvaffaqiyatni takrorlay olishi dargumon, chunki kompaniyada “Muz yurak-2”, “Yulduzlar janglari” hamda “Qasoskorlar” kabi serdaromad filmlar davomlari chiqishi rejalashtirilmagan.   

Disney 2020 yil mart oyida “Mulan”, may oyida “Qora beva” (Black Widow), iyulda esa “Junglilar bo‘ylab sayohat” (Jungle Cruise) filmlarini namoyishga chiqarishi rejalashtirilgan.  

Mavzuga oid