O‘zbekiston | 21:16 / 17.12.2019
4870
3 daqiqa o‘qiladi

«Kimdir nomzodidan voz kechsa, saylov byulletenlari qayta chop etilmaydi» – MSK raisi o‘rinbosari

Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Mahmud Istamovga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatligiga nomzod saylovga to‘rt kun qolgunga qadar nomzodlikdan voz kechishi mumkin. Buning uchun tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qilishi kifoya. Bunday hollarda saylov byulletenlari qayta chop etilmaydi.

Mahmud Istamov

«Agar qaysidir nomzod o‘z nomzodidan voz kechadigan bo‘lsa, saylov byulletenini chop etishning imkoniyati yo‘q. Bunday holatda okrug yoki uchastka saylov komissiyalari tomonidan ko‘k rangli ruchkada byulletendagi nomzodning ism-familiyasi ustidan chiziq tortish orqali o‘chiriladi», deydi Mahmud Istamov.

Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosarining ta'kidlashicha, 12–18-dekabrda o‘tkaziladigan muddatdan oldin ovoz berish jarayonida saylovda qatnashishdan voz kechgan nomzodga ovoz bergan bo‘lsa, bu byulleten haqiqiy emas deb topiladi.

Tadbirda «Milliy tiklanish» partiyasi tomonidan 63-Kattaqo‘rg‘on saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib ko‘rsatilgan Sobir Shukurov hamda «Adolat» sotsial demokratik partiyasi tomonidan 54-Norin saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib ko‘rsatilgan Abduvali Mavlonov o‘z arizasiga muvofiq nomzodlar ro‘yxatidan chiqarildi.

«63-Kattaqo‘rg‘on hamda 54-Norin okrug saylov komissiyalari joylashgan barcha saylov uchastkalariga tarqatilgan byulletenlarda ko‘rsatilgan ushbu nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi yozilgan satr ustiga ko‘k rangli ruchkada to‘g‘ri chiziq tortib o‘chirish yo‘li orqali ro‘yxatdan chiqarishni ta'minlash vazifasi yuklatilyapti. 22 dekabr kuni mazkur ikki saylov okrugi hududidagi uchastka saylov komissiyalari tomonidan ovoz berish natijalarini sanab chiqishda ushbu nomzodlar uchun muddatidan oldin berilgan ovozlar, ya'ni byulletenlar haqiqiy emas deb topiladi», deydi MSK a'zosi Suyarjon Qurbonqulov.

Mavzuga oid