Yunusoboddagi yo‘l o‘tkazgichda olib borilayotgan ta'mirlash ishlari nega cho‘zilib ketganiga izoh berildi
Toshkent shahrining Ahmad Donish ko‘chasidan Kichik halqa avtomobil yo‘li, Miskin va Usta Shirin ko‘chalari kesishmasidagi yo‘l o‘tkazgichda mukammal ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» xabar qildi.
Mazkur inshoot poytaxtdagi birinchi zamonaviy yo‘l o‘tkazgich bo‘lib, 2000 yilda Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasida qurilgan. Kengligi 29 metr bo‘lgan 912 metr uzunlikdagi (yondash yo‘llari bilan birga) inshoot shaharning uchta tumanini o‘zaro bog‘laydi.
Bildirilishicha, qariyb 20 yil davomida yo‘l o‘tkazgichda hech qanday ta'mirlash ishlari amalga oshirilmagan. Shu sababli, temir-beton konstruksiyalar va yo‘lning yuqori qatlami yaroqsiz holga kelgan. Joriy yilning avgust oyida «Ko‘prikqurilish» Tresti UKning mutaxassislari tomonidan ta'mirlash ishlari boshlandi.
Dastlab, to‘sinlar, ustunlar va tayanchlarning temir-beton konstruksiyalari nuri tiklandi. Bundan tashqari, qatnov qismining temir panjaralari, dekorativ temir-beton plitalar demontaj qilindi, 2000 m2 maydonida qalinligi 12 sm bo‘lgan himoya beton qatlami olib tashlandi va bu ishlar sentabr oyida tugatildi. Oktabr va noyabr oylarida temir-beton konstruksiyalarni o‘rnatish ishlari boshlandi. Xususan, bugungi kunga qadar 2000 m2 maydonda yangi beton qoplamasi bilan qoplandi. Piyodalar uchun ajratilgan qismida izolyatsiya ishlari yakunlandi. Dekabr oyining oxiriga qadar yo‘l o‘tkazgichdagi asfalt-beton qoplamalarni yotqizish ishlari yakuniga etishi rejalashtirilgan.
Ta'kidlanishicha, avtomobillarni yuqori o‘tkazish qobiliyatiga ega bo‘lgan ushbu inshootning ta'mirlash ishlari yo‘l harakatini to‘xtamasdan amalga oshirilmoqda. Ushbu omil yo‘l ustidagi ta'mirlash ishlarining davomiyligiga ta'sir qilayotgani aytiladi. Bundan tashqari, ko‘prik quruvchilar bir vaqtning o‘zida metropolitenning halqa yo‘li va Yunusobod liniyasidagi qurilish ishlari 2-bosqichini yakunlashda ham qatnashmoqda.
«Shu o‘rinda, poytaxt aholisi va mehmonlaridan vaziyatni to‘g‘ri tushunishlarini va har bir haydovchidan, ushbu yo‘l o‘tkazgichdan o‘tayotganida, shoshilmasdan tartib bilan o‘tishlarini so‘rab qolamiz», - deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
08:08 / 08.11.2024
Yunusobodda bir kunda ikkita YTH sodir bo‘ldi
07:37 / 26.10.2024
Toshkent aeroporti yaqinidagi yangi yo‘l o‘tkazgich ishga tushirildi
08:53 / 28.09.2024
Xiva vokzali yonida yerosti yo‘l o‘tkazgichi barpo etiladi
08:28 / 31.08.2024