Jamiyat | 15:41 / 21.12.2019
24971
4 daqiqa o‘qiladi

Bojxonachilar giyohvandlik vositalari kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh a'zolarini qo‘lga olishdi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarining kontrabandasi fosh etildi.

Xususan, “Toshkent” xalqaro aeroportida xorijiy davlatga parvozi oldidan 4 nafar xorijiy davlat fuqarolari – M.T., S.M., Ya.A. va N.N. bojxona nazoratidan o‘tishi chog‘ida ularning xatti-harakatlari va bezovtalanishi bojxona xodimlari e'tiborini tortdi. Avvaliga ularning qo‘l yuklari va egnidagi kiyimlari ko‘zdan kechirildi. Bir qarashda hammasi joyidagidek tuyulishi mumkin. U holda yo‘lovchilar nimadan bezovta?

Shundan so‘ng yo‘lovchilar aeroportdagi bojxona postiga o‘rnatilgan inson tana a'zolarini skanerlovchi “Body scanning” qurilmasi orqali ko‘zdan kechirildi. Ekrandagi tasvirlar shubhali tus oldi. Qurilma ushbu yo‘lovchilarning organizmida, aniqrog‘i yo‘g‘on ichak kanallarida yot jismlar borligini ko‘rsatdi.

Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida ushbu shaxslar belgilangan tartibda poytaxtimizdagi Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markaziga olib kelinib, shifokorlar tomonidan xolislar ishtirokida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Ko‘rik natijasida 4 nafar yo‘lovchining ichki a'zolariga maxsus o‘ramlar yashirilganligi aniqlandi va chiqarib olindi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 4 nafar narkokurerning ichki a'zolarida yashirilgan jami 268 ta o‘ramlar ichida umumiy vazni 4 kg. 152,52 gr.ni tashkil etuvchi geroin giyohvandlik vositasi yashirilganligi aniqlandi.

Tezkor tadbir davomida Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona postida ham yana bir narkokurer qo‘lga olindi. M.M.ismli shaxsning ichki a'zolarida 67 dona ovalsimon shakldagi o‘ramlarda 1 kg 42 grammdan ortiq opiy giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Shuningdek, bojxonachilar “Toshkent” xalqaro aeroporti orqali xorijga yo‘l olgan S.M.ning qing‘ir rejasini fosh etishdi. Gap shundaki, ushbu shaxs o‘z ichki a'zolariga 35 dona ovalsimon shakldagi o‘ramlarda 544,75 grammdan ortiq geroin giyohvandlik vositasini yashirgan ekan. Shundan so‘ng unga mazkur giyohvandlik vositalarini yetkazib bergan jinoiy sherigi xorijiy davlat fuqarosi Q.R.ham ushlandi.

Bojxona xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida umumiy og‘irligi 5 kg. 739 gr.dan ortiqni tashkil etuvchi geroin hamda opiy giyohvandlik vositalarini ichiga yutgan holda olib o‘tmoqchi bo‘lgan jami 7 nafar narkokurerlar hamda mazkur jinoyatlarning asosiy tashkilotchilari bo‘lgan 3 nafar xorijiy davlat fuqarolari qo‘lga olindi.

Hozirda mazkur aniqlangan barcha holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlar qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi.

Mavzuga oid