11:57 / 22.12.2019
0
25743

Qamchiq dovoni avtotransport vositalari harakati uchun qayta ochildi

Qamchiq dovonida avtotransport vositalarining harakati yo‘lga quyildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

«2019 yil 21 dekabr kuni soat 08:00da A-373 «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonida qor ko‘chkisi xavfi bo‘lganligi sababli dovonda avtotrasport vositalarining harakati to‘xtatilgan edi.

2019 yil 21-22 dekabr kunlari FVV, MV, IIV, «O‘zavtoyo‘l» davlat qo‘mitasi kuch va vositalari tomonidan «Qamchiq» dovonining avtomobil yo‘li qordan tozalandi.

«O‘zgidromet» markazining qor ko‘chkisi mavjud emasligi to‘g‘risidagi byulleteniga asosan, «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘li Qamchiq dovonida joriy yilning 22 dekabr kuni soat 11:40dan avtotransport vositalarining ikki tomonlama harakati yo‘lga qo‘yildi», deyiladi vazirlik xabarida.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati ham dovon yo‘lida transport vositalarining harakati yo‘lga qo‘yilganini ma'lum qilgan.

«Dovon yo‘lidan harakatlanish vaqtida haydovchilardan yo‘l harakati qoidalariga qat'iy rioya qilishlarini so‘raymiz», deyiladi xabarda.

Namangan viloyati IIB YHXBning rasmiy kanalida Qamchiqda olib borilgan ishlar haqida videoxabar berilgan.

Yo‘l transport hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida, dovon hududida harakatlanishdan oldin quyidagi mutaxassis tavsiyalariga e'tibor qaratish so‘raladi: 

  • avtomobillarning texnik holatini to‘liq ko‘zdan kechirish;
  • dovon orqali yetarli darajada yoqilg‘i-moylash mahsulotlari bilan harakatlanish;
  • avtotexnikalarning qish mavsumida harakatlanish uchun maxsus shinalar bilan almashtirish;
  • haydovchilarning Qamchiq dovoni orqali harakatlanganda hushyorlikni yanada oshirishlari va yo‘llarda to‘xtab dam olishlari; 
  • viloyatlararo yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, firmalar, xususiy tadbirkorlar tomonidan haydovchilar bilan profilaktik tadbirlar o‘tkazilishi.

Qamchiq dovoni bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlarni quyidagi telefon raqamlari orqali olish mumkin:
Qamchiq Maxsus qidiruv-qutqaruv boshqarmasi navbatchilik qismi: (95) 146-87-08, (70) 662-72-49, (71) 212-70-07, (99) 837-29-38, 10-50.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top