Jamiyat | 18:30
1107
4 daqiqa o‘qiladi

Qamchiq dovonida sotuvchini miltiq bilan jarohatlagan erkak 4 yildan ko‘proqqa qamaldi

33 yoshli erkak qo‘lida miltiq bilan do‘konga kirib kelgan va sotuvchi ayolning boshiga urgan. So‘ngra rastadan oshib o‘tib, unga tan jarohati yetkazgan. Sud erkakni o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish va bezorilik jinoyatini sodir qilishda aybli deb topdi. 

Foto: Kun.uz 

Ohangaronda do‘konga qurol bilan bostirib kirib, sotuvchiga tahdid qilgan erkak jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmiga ko‘ra, 1992 yilda tug‘ilgan D.K. 2025 yil 22 oktyabr kuni tunda Qamchiq dovonidagi do‘konda savdo qiluvchi Sh.N.ning oldiga borgan. Ular avvaldan o‘zaro tanish bo‘lishgan. Erkak Sh.N.ni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, qo‘lidagi miltiq bilan uning bosh qismiga urgan. Oqibatda sotuvchi ayol jarohatlangan.

D.K. sudda aybiga qisman iqrorlik bildirib, ayolni o‘ldirish niyati bo‘lmaganini aytgan. Erkak o‘z ko‘rsatmasida Sh.N. bilan oila qurmoqchi bo‘lganini, Rossiyada ishlab yurganida uy olish uchun unga pul jo‘natganini, so‘ngra undan shu pullarni so‘ray boshlaganini aytgan.

Turli bahonalarni aytib, meni aldab keldi. O‘sha kuni ov qurolim va 2 dona patronni olib, hovlida yurgan daydi itlarni otish uchun uydan chiqdim. Shu orada unga qo‘ng‘iroq qilib, olgan narsa va buyumlaringni berib yubordingmi, deb so‘radim. U “Vaqtim bo‘lmayapti, har kuni ishdaman” dedi. Shunda tayyorlab qo‘yishini, o‘zim borib olib ketishimni aytdim. So‘ng ko‘chada bo‘lganim sababli pivo ichdim.

Shu orada taksi chaqirdim. Ov qurolimni uyga tashlab chiqishga erinib, o‘zim bilan birga olib ketdim. U ishlaydigan do‘konga bordim. Oldiga kirib, o‘zimning narsalarimni so‘ragan vaqtimda u meni eshitishni istamasdan, gap qaytardi. Shunda bosh qismiga ov qurolimning qo‘ndog‘i bilan bir marotaba urdim”, degan u sudda.

Jabrlanuvchi Sh.N. esa haqiqatan ham D.K. Rossiyadan pul jo‘natganini, uning ma’lum qismini o‘rtog‘i olib ketganini, yana bir qismini esa uning o‘zi bo‘lib-bo‘lib olganini aytgan.

Shundan keyin oramizga sovuqchilik tushib, tez-tez urishadigan bo‘ldik. U meni o‘zining uyida ov miltig‘i bilan o‘ldirishini aytib, qo‘rqitib keldi. Ushbu holat bo‘yicha uning yaqin qarindoshlariga ham bir necha marotaba aytganman. Shunda ham u o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, menga tazyiq o‘tkazishda davom etib keldi”, degan ayol o‘z ko‘rsatmasida.

JIB Ohangaron tuman sudining 2026 yil 1 apreldagi hukmi bilan D.K. Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 4 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni manzil koloniyalarda o‘tash belgilandi. 

D.K. Qamchiq dovonidagi savdo do‘koniga miltiq bilan bostirib kirib, sotuvchini urgani avvalroq xabar qilingandi. Oradan ko‘p o‘tmay u qamoqqa olingandi.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid