Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent shahar hokimligi qoshida yangi nazorat inspeksiyasi tashkil etiladi. U yer masalasi bo‘yicha
Toshkent shahar hokimligi qoshida Yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazorati inspeksiyasi tashkil etiladi.
Muhokama uchun e'lon qilingan prezident farmoni loyihasida qayd etilishicha, “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi tizimidagi muhandis-yer tuzuvchilar tomonidan yer resurslaridan oqilona va maqsadli hamda samarali foydalanishni tashkil etish, ularni muhofaza qilishda ta'sirchan nazoratni ta'minlash borasida va yer qonunbuzilish holatlarini buzgan shaxslarga nisbatan keskin choralar ko‘rish ishlari sust olib borilmoqda.
Shu bilan birga, yer resurslarini muhofazasiga oid amaliyot tahlili ushbu sohada bir qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatgan, xususan:
birinchidan, so‘nggi yillarda Toshkent shahrida noqonuniy qurilmalarni qurish holatlari ko‘payib bormoqda. 2017-2018 yillar davomida o‘tkazilgan yalpi xatlov natijasida Toshkent shahrida 86 713 ta yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va noqonuniy qurilmalarni qurish holatlari aniqlangan.
Yalpi xatlovda aniqlangan hujjatsiz obektlardan 49 524 tasi mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlariga asosan qonuniylashtirib berilgan, 14 326 tasi bo‘yicha materiallar tuman hokimiyati komissiyalarida ko‘rib chiqilmoqda. 22 863 ta holatda noqonuniy qurilmalar shaharsozlik qoidalari va normalariga zid bo‘lganligi sababli ularni qonuniylashtirish rad etilgan;
ikkinchidan, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasida noqonuniy qurilmalarni qurish holatlarini aniqlash, ularni oldini olish uchun mas'ul bo‘lgan hududiy yer nazorati inspektori shtat birliklari mavjud emas;
uchinchidan, amaldagi qonun hujjatlarida noqonuniy qurilmalarni qurgan shaxslarga nisbatan samarali ta'sir choralarini qo‘llash mexanizmi belgilanmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda (MJtK) tasdiqlangan loyiha hujjatlaridan chetga chiqish va tegishli organlar bilan kelishmay turib obektlarni joylashtirish holatlari uchun javobgarlik belgilangan bo‘lsa-da, mazkur javobgarlik choralari shaharlar yerlariga nisbatan qo‘llanilmasligi ko‘rsatilgan (MJtKning 266-1-moddasi), o‘z navbatida ushbu holatlar ko‘plab muammolarga sabab bo‘layotgan;
to‘rtinchidan, Yer resurslarini muhofaza qilishda rag‘batlantiruvchi normalar va jamoatchilik ta'sir choralarining mavjud emasligi, yerga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek fuqarolarga yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishda yuksak huquqiy madaniyat va qonunga hurmat hissini singdirish borasidagi targ‘ibot-tashviqot ishlarining yetarli darajada emas;
Yuqorida qayd etilgan muammo va kamchiliklar natijasida shaharda yer resurslarini talon-taroj qilish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, belgilangandan boshqa maqsadlarda foydalanish holatlari hanuzgacha barham topgani yo‘q, deyiladi hujjatda.
“Davergeodezkadastr” qo‘mitasi va Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi tarkibidagi yer nazorati sho‘'basini tugatish va eksperiment tariqasida Toshkent shahar hokimligi qoshida Yerdan foydalanish va uni muhofaza qilishni nazorat qilish ustidan davlat nazorati inspeksiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.
Toshkent shahar hokimligi qoshidagi “Yerdan foydalanish va uni muhofaza qilishni nazorat qilish ustidan davlat nazorati inspeksiyasi”ga eksperiment o‘tkazish davriga yer egalari, foydalanuvchilar, ijarachilar va mulkdorlar tomonidan yerlardan foydalanish holatini (moliyaviy xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda) muntazam monitoring qilib borish va natijasi bo‘yicha yerga oid huquqbuzarliklarni sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxslarni, shu jumladan yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlarining mansabdor shaxslari va (yoki) boshqa xodimlari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 60, 65, 68, va 68-1-moddalarida nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rib chiqish huquqi beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda, yangi tuzilgan yer nazorati inspeksiyasi faoliyati o‘rnatilgan tartibda Toshkent shahri bo‘yicha “Davergeodezkadastr” davlat qo‘mitasining Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qo‘yiladi.
Toshkent shahar Ma'muriy sudlari tomonidan yerga oid ma'muriy huquqbuzarliklar uchun qo‘llanilgan ma'muriy jarimalardan tushadigan mablag‘larning 10 foizi Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga, 40 foizi Toshkent shahar hokimiyati qoshidagi “Yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazorati inspeksiyasi”ga, qolgan 50 foizi davlat budjetiga undirilishi belgilanadi.
Toshkent shahar hokimiyati qoshidagi Yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazorati inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, inspeksiyaning asosiy vazifalari:
Yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, mansabdor shaxslar, shuningdek, fuqarolarning Toshkent shahrining qonun hujjatlari va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha talablariga rioya etilishini ta'minlash;
Toshkent shahrining yer munosabatlari sohasida manfaatlarini himoya qilish;
O‘zbekiston Respublikasining yurisdiksiyasiga muvofiq yerni buzish hollarini oldini olish va to‘xtatish;
Suv muhofazasi va qirg‘oqbo‘yi hududlarida yer uchastkalarini ajratishni nazorat qilish, shuningdek, ulardan maqsadli foydalanish;
Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga va (yoki) o‘zboshimchalik bilan imoratlar qurishga yo‘l qo‘ymaslik hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasida noqonuniy qurilishni to‘xtatish choralarini ko‘rish;
Yerdan noto‘g‘ri foydalanish faktlarini aniqlash, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda yerga bo‘lgan huquqlarni majburiy tarzda bekor qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
Inspeksiya faoliyatining manfaatdor nazorat-tekshirish xizmatlari, prokuratura va ichki ishlar organlari bilan yer munosabatlari sohasidagi qonun ustuvorligi masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorligini tashkil etish.
Inspeksiyaning asosiy funksiyalari:
Yer uchastkasidan foydalanish va ularni muhofaza qilish shartlarini belgilaydigan Toshkent shahar hokimligining huquqiy hujjatlari bilan o‘rnatilgan, yerlarni berish to‘g‘risidagi ma'muriy hujjatlar, yerdan foydalanishga ruxsat beruvchi tasdiqlangan loyihaviy va boshqa hujjatlarga asosan nazoratni amalga oshirish;
Yerdan foydalanish va muhofaza qilish borasida yerga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligini tekshirish maqsadida tekshirishlarni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, boshqa manfaatdor nazorat-taftish xizmatlari tekshiruvlarida ishtirok etish;
Toshkent shahar hokimiyatining yig‘ilish majlislariga yer sohasiga oid va vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan materiallarni kiritish;
Toshkent shahar hokimiyatiga yer munosabatlari sohasidagi qonunlarga rioya etilishi va yer qonun buzilish holatlarini oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida choraklik hisobotlarni taqdim etish;
Yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishni nazorat qilish yuzasidan belgilangan tartibda tayyorlanadigan hisobotlarni tuzib, vakolatli organlarga taqdim etish;
Yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishni nazorat qilishning ilg‘or usullarini o‘rganish, sintez qilish va amalga oshirish;
Yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishni nazorat qilish bo‘yicha qonun hujjatlari va normativ hujjatlarni takomillashtirish hamda yer qonun buzilish holatlari bo‘yicha javobgarlikni belgilash yuzasidan takliflar tayyorlash;
Toshkent shahar hokimiyatining vakolatli organlaridan qonun hujjatlari va huquqiy hujjatlarning loyihalari bo‘yicha Inspeksiyadan o‘rnatilgan tartibda xulosalar berish hamda tasdiqlash yoki tayyorlash;
Yer munosabatlari sohasidagi qonuniylikni ta'minlash masalalari bo‘yicha Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi bilan o‘zaro hamkorlik qilish;
Inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining boshqa sub'yektlari bilan hamkorlik qilish;
Toshkent shahrining aholisi o‘rtasida yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish bo‘yicha axborot-ma'rifiy va huquqiy targ‘ibot ishlarni olib borish;
Yer munosabatlari sohasidagi qonunchilikni ta'minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan materiallarni tayyorlab, ommaviy axborot vositalarida nashr etish;
Yuridik va jismoniy shaxslarning yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishlari va ularga nisbatan zarur choralar ko‘rish bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish;
Yer komissiyasini tashkiliy va texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash.
Mavzuga oid
10:25 / 18.06.2026
Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish bo‘yicha DXSh bitimi imzolandi
11:35 / 17.06.2026
Toshkent dunyoning eng tez o‘zgarayotgan shaharlari qatoriga kirdi
20:06 / 15.06.2026
Yer va unda qurilgan mulkka oid huquqlarni e’tirof etish jarayoni soddalashtirildi
16:28 / 13.06.2026