Jamiyat | 18:23 / 26.12.2019
3482
2 daqiqa o‘qiladi

Innovatsiya vazirligida xorijdan pul o‘tkazmalarini amalga oshirish xizmatini arzonlashtirish muhokama etildi

25 dekabr kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Osiyo tadqiqotlar Yevropa instituti bosh direktori (EIAS) Aksel Getalsni qabul qildi.

«Tomonlar moliyaviy texnologiyalar va moliyaviy xizmatlar bozorini takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar», deya xabar bermoqda vazirlik axborot xizmati. Uchrashuvda moliyaviy texnologiyalarning rivojlantirishda innovatsiyalarning o‘rni muhimligi qayd etilgan.

Vazirlik xabarida ta'kidlanishicha, A.Getals O‘zbekistondan tashqarida istiqomat qiluvchi fuqarolarga pul o‘tkazmalarining yangi ilovasini hamkorlikda yaratish taklifi bilan chiqqan. 

«Ayni paytda Money Gram, Western Union kabi pul o‘tkazmalari orqali mablag‘ jo‘natishda 9 foizli xizmat haqi olinadi. Bu anchayin katta foizdir. Aynan shu bois o‘z yurtidan tashqarida yashovchi O‘zbekiston fuqarolari uchun transfer xizmati uchun 1 foizli komissiya haqi oluvchi moliyaviy ilovani ishlab chiqish va joriy etish muhim.

Ta'kidlash joizki, Yevropada bir davlatdan ikkinchi davlatga pul o‘tkazish juda ham kam foizda, taxminan 1 foiz bilan amalga oshiriladi. MDH davlatlarida esa 9 foiz xizmat haqi olinadi. Demak, Yevropaning bu boradagi katta tajribasini O‘zbekistonga tatbiq etish fuqarolarimiz uchun manfaatli bo‘ladi», deyiladi xabarda.

Ibrohim Abdurahmonov vazirlik Osiyo tadqiqotlar Yevropa instituti bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga, 2020 yilda mazkur tashkilot bilan tuziladigan yo‘l xaritasi asosida ish olib borishga tayyor ekanini bildirgan.

Osiyo tadqiqotlar Yevropa instituti 1989 yili Bryusselda tashkil etilgan bo‘lib, mazkur tashkilot Yevropa Ittifoqi va Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga, siyosatchilar, olimlar, tadqiqotchilar va fuqarolik jamiyatlari o‘rtasida davlatlararo keng qamrovli ilmiy izlanishlar olib borishga, ma'lumotlar almashinuviga ko‘mak beradi.

Mavzuga oid