Sport | 21:29 / 26.12.2019
20007
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda uloq-ko‘pkari bo‘yicha O‘zbekiston chempionati boshlandi

Namangan shahrining markaziy otchoparida uloq-ko‘pkari bo‘yicha mamlakat chempionati boshlandi. Unda viloyatlardan tashrif buyurgan 12 ta jamoa g‘oliblik uchun bahslarga kirishgan.

Alohida qayd etish lozim, uloq-ko‘pkari bo‘yicha musobaqalar uzoq yillardan beri o‘tkazilmayotgan edi. Bugun, 26 dekabr kuni chempionatning tantanali ochilish marosimi hamda dastlabki kungi bahslar bo‘lib o‘tdi.

Musobaqaga O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi tomonidan puxta tayyorgarlik ko‘rilib, uning mezonlari Xalqaro uloq-ko‘pkari federatsiyasi nizomlariga muvofiq tashkillashtirilgan. Ya'ni maydonda har bir bahsda bitta jamoadan 12 nafar chavandoz va uloqchi ot, jami 24 nafar ishtirokchi qatnashadi.

Bellashuvni bir nafar bosh hakam va ikki nafar yordamchi hakam boshqarib boradi.

G‘oliblik belgilangan muddat ichida raqib jamoa somoni – doira shaklidagi marraga kiritilgan natijalar asosida aniqlanadi. Deylik, qaysi guruh raqib somoniga ulardan ko‘p taka ayirib tashlasa, g‘olib hisoblanadi.

Birinchi kungi musobaqalarda quyidagi natijalar qayd etildi:

Farg‘ona – Namangan-1 1:0

Buxoro – Sirdaryo 1:3

Andijon –Namangan-2 5:0

Toshkent – Qashqadaryo 8:1

Andijon – Jizzax 1:0

Namangan-1 – Surxondaryo 1:4

«Qashqadaryo viloyatidan katta umidlar bilan keldik. Bizda deyarli har bir xonadonda ot boqiladi. Uzoq yillardan beri uloq bo‘yicha chempionat o‘tkazilmayotgan edi. Mana, bugungi kunga kelib, har bir viloyatda Uloq-ko‘pkari federatsiyalari tashkil etildi. Bunday musobaqalarning o‘tkazilishi milliy qadriyatlarimizdan bo‘lgan qadimiy sport turini rivojlanishiga katta xizmat qiladi», – deydi Qashqadaryo uloq-ko‘pkari federatsiyasi raisi Ilhomjon Chorshanbiyev.

Birinchi kungi bahslarda Andijon jamoasi vakili Akmal polvon Ibragimov o‘zining  Chayir laqabli otida ikki marta maydonga tushib, 4 bora uloqni marraga tashlab, futbol tili bilan aytganda to‘rtta gol urdi. Chapdast polvon bilan suhbatlashganimizda u chavandozlik unga ota-bobosidan merosligini, musobaqada yaxshi natijalar ko‘rsatish va xalqaro musobaqalarda yurt sha'nini himoya qilishni orzu qilayotganini aytdi.

Musobaqalar 28 dekabrgacha davom etadi.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid