JIB O‘zbekiston tuman sudida Namangan shahri sobiq hokimi Anvar Otaxo‘jayev va boshqalarga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud majlislari boshlandi. Bu haqda Farg‘ona viloyati sudlari axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 6 nafar sudlanuvchining (barchasi erkak) 3 nafariga nisbatan qamoqqa olish, 3 nafariga esa munosib xulq-atvorda bo‘lish tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llangan.

Dastlabki tergov organi ayblov xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bo‘yicha ayblanmoqda:

  • 167-modda (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);
  • 168-modda (firibgarlik);
  • 205-modda (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish);
  • 206-modda (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish);
  • 209-modda (mansab soxtakorligi);
  • 28,209-modda (mansab soxtakorligida ishtirokchilik);
  • 210-modda (pora olish);
  • 28,211-modda (pora berishda ishtirokchilik);
  • 212-modda (pora olish-berishda vositachilik qilish).

Anvar Otaxo‘jayev tezkor tadbirda qo‘lga olingani haqida 2025 yil sentabr oyida xabar berilgandi.

Anvar Otaxo‘jayev Namangan shahar hokimi lavozimiga 2023 yil dekabrida tayinlangan. U 2019-2023 yillarda Chortoq tumani hokimi bo‘lgan.