Jahon | 23:25 / 27.12.2019
21989
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyalik erkakning qoni sutga o‘xshab qoldi

Foto: Flickr

Kyoln universiteti qoshidagi klinika shifokorlari Annals of Internal Medicine nashrida noyob klinik hodisa haqida so‘zlab berishdi.

Maqolada aytilishicha, 39 yoshli germaniyalik erkak shifoxonaning shoshilinch yordam bo‘limiga o‘zini yomon his qilayotgani, ko‘ngil aynashi, bosh og‘rig‘i va ong-shuuri tobora yomonlashib borayotgani shikoyati bilan tushgan. Bemor semizlik va qand kasalligidan aziyat chekkan hamda dorilarni muntazam qabul qilmagan. Erkak shifoxonada koma holatiga tushib, o‘pkani sun'iy shamollatish qurilmasiga ulangan.

Tahlillar bemorning qonidagi triglitseridlar (yog‘lar) miqdori juda yuqori ekanini ko‘rsatgan. Odatda bir detsilitrga 150 milligramm (mg/dl) triglitserid normal, 500 mg/dl yuqori hisoblansa, bemorning qonida yog‘lar miqdori 14000 mg/dlni tashkil qilgan. Shu sababli qon juda quyuqlashib, sut kabi oq rangga kirgan.  

Qonda triglitseridlar miqdori yuqori bo‘lganda qonni tozalashga imkon beruvchi usul – plazmaferez qo‘llanadi. Biroq bemorning qonini ikki marta tozalashga urinish besamar tugagan: uning qonida yog‘ miqdori ko‘pligidan qonni tozalovchi qurilma tiqilib qolib, ishlamay qolgan.

Natijada tabiblar ming yillar oldin qo‘llagan usul - qonni chiqarishga qaror qilingan. Erkakdan bir litr qon tortib olinib, u donorlik qoni bilan almashtirilgan. Bu triglitseridlar miqdorining kamayishiga olib kelgan. So‘ngra yana bir litr qon tortib olingan va bu safar u suyuqlik bilan almashtirilgan. 2 kundan keyin erkak qonidagi yog‘lar miqdori shunchalik kamayib ketganki, natijada plazmaferezni o‘tkazishga imkon paydo bo‘lgan. 5 kundan keyin esa bemorning ahvoli shunchalik yaxshilanganki, u mustaqil nafas ola boshlagan. 

Shifokorlarning ta'kidlashicha, bemor qonida yog‘larning bunday katta miqdorda bo‘lishiga bir nechta omil – semizlik, to‘qimalarning insulinga barqarorligi, noto‘g‘ri ovqatlanish va qand kasalligidan dorilarning muntazam qabul qilinmasligi olib kelgan.

 

Mavzuga oid