Adliya vazirligi “Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini zarurat bo‘lganda, donorning o‘ziga ishlatilishini ko‘zlab topshirish (autodonorlik) tartibi” haqidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 3763-son bilan 2026 yil 28 yanvar kuni ro‘yxatdan o‘tgan.
Nizomga muvofiq, autodonorlik quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:
- donorga allogen qon (begona qon) quyish imkoni mavjud bo‘lmasa;
- donorning qon guruhi kam uchraydigan bo‘lsa;
- donor yoki uning qonuniy vakili allogen qon quyishni rad etsa.
Qayd etilishicha, autodonorlik donorning jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tibbiyot muassasasida donor (yoki qonuniy vakil)ning yozma roziligi asosida bepul amalga oshiriladi. Autodonorlikdan oldin donor qoni laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkaziladi.
Nizomda autodonorlikni amalga oshirishning quyidagi davrlari belgilangan:
- jarrohlik amaliyotidan oldin — ko‘pi bilan 30 kun oldin;
- jarrohlik amaliyotiga tayyorgarlik jarayonida — 1–2 soat oldin;
- jarrohlik amaliyoti davomida — yozma rozilik oldindan olingan bo‘lsa.
Shu bilan birga, donorda:
- OIV (OITS) infeksiyasi,
- V yoki S gepatiti virus markerlari,
- zaxm kasalligi,
- yoki gematokrit 25 foizdan kam ekani aniqlansa, autodonorlikka yo‘l qo‘yilmaydi.











