O‘zbekiston Liga kubogi finalida VAR tizimi offlayn tizimida sinovdan o‘tkazildi. Hozirda mutaxassislar guruhi mamlakatimizdagi stadionlarni baholab, ushbu tizimga moslashtirish yo‘lidagi harakatlar uchun ko‘rsatmalar berishmoqda. Aytishlaricha, 2021 yilgi mavsumda O‘zbekiston Superligasida ham VAR tizimi to‘liq amal qiladi.

Avvalo, VAR qanday hollarda qo‘llanishini ham eslab o‘tsak. Sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan to‘rt holat bo‘yicha, hakam videotakrorga murojaat qilgan holda yakuniy qarorni chiqarish mumkin. Bunday holatlar sodir bo‘lganida, hakamning VAR bo‘yicha yordamchisi maxsus aloqa vositasi yordamida bosh hakamga ma'lum qiladi va vaziyatni aniqroq baholash uchun o‘yin to‘xtatiladi. Bu to‘rt vaziyat quyidagilar:

1. Gol yoki gol emas

Urilgan har bir gol VAR yordamchi hakami orqali chuqur o‘rganiladi. Ayniqsa, jarima maydonida qoida buzilishi yoki ofsayd borasida vaziyatga hatto ma'lum soniyalar orqaga qaytarib ham baho beriladi. Videotasvir yordamida gol yoki inobatga olinadi yoki haqqoniy emas, deb topiladi.

2. Penalti

Jarima maydoni ichkarisidagi hodisalar – himoyachining qoida buzishi, to‘p qo‘lga tegishi kabi vaziyatlar videoda yaqindan va sekinlashtirilgan holatlarda aniq o‘rganilib, penalti qarori beriladi. Yoki qoida buzilmadi, deb topiladi.

3. Qizil kartochka

Faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarda hakam videotakrorga muhtoj bo‘lsa, VAR yordamga keladi. Hakam vaziyatni ko‘rib, futbolchini maydondan chiqarib yuborishi yoki jazolamasligi mumkin. Ba'zida vaziyat sariq kartochka bilan ham tugaydi, lekin bu yerda, «sariq kartochka uchun VAR ishladi» deb tushunmaslik kerak. Hakam aslida qizil kartochkaga tortadigan vaziyat deb baholab, videoni ko‘rishi va keyin «yo‘q, qizil emas» deb topib, sariq bilan kifoyalanishi mumkin. Shunchaki, sariq kartochka ko‘rsataymi, yo‘qmi, deb VAR’dan foydalanmaydi.

4. Identifikatsiya

Hakam bir futbolchiga qizil yoki sariq kartochka beradi. Ammo aslida, qoidani buzgan boshqa futbolchi bo‘lib, hakam shunchaki, ularni adashtirib yuborishi mumkin. Bu hollarda ham VAR yordamchisi vaziyatni to‘g‘irlaydi.

VAR bilan bog‘liq turli munozaralar, noroziliklarni juda ko‘p kuzatyapmiz, avvallari xatolari uchun bosh planga chiqadigan hakamlar qolib, to‘g‘ri qarorlar tufayli ham VAR’ni aybdor qiladiganlar ko‘payib ketdi. Bu haqida ijtimoiy tarmoqlardagi turli memlar, tanqidlar o‘z yo‘liga, muxlislar borasida bu tushunarli. Maydondagi emotsiyaga ta'sir ko‘rsatadigan, muxlislik qilayotgan jamoasining ziyoniga ishlaydigan har qanday qarorlar yoqmasligi tabiiy. Ammo ba'zida e'tirozlar jurnalistlar, hatto murabbiylar tomonidan ham yangrayotgani biroz tushunarsiz. «Manchester Siti» ustozi Pep Gvardiola ayniqsa, bu tizimdan ko‘p norozi bo‘ladi, nimanidir o‘zgartirish kerakligini aytib keladi.