So‘nggi kunlarda futbol olami go‘yoki «olamshumul xabar» bilan «ozuqalandi». FIFA futbol qoidalarida, xususan ofsaydni aniqlash borasida katta islohotni amalga oshirishi haqida xabarlar tarqaldi. Hatto Italiya va Shvetsiya kabi mamlakatlarda quyi ligalarda, kichik musobaqalarda bu qoida sinov tariqasida qo‘llana boshlanishi aytildi. Qizig‘i, aslida u qadar yangilik bo‘lmagan taklif va bu ma’lumotlar birdaniga «virus»ga aylandi, jiddiy manbalar va aniq xulosalarsiz, hatto ancha mashhur sport portallarida ham tarqala boshladi.

Istilohda «Venger ofsaydi» sifatida qo‘llanayotgan bu yangilikka ko‘ra, endi hujumchi ofsayd holatida deb topilishi uchun butun tanasi himoyachidan ko‘ra raqib darvoza chizig‘iga yaqinroq bo‘lishi lozim. Buning Arsen Venger nomi bilan bog‘lanishiga kelsak, murabbiy 2019 yildan FIFA direktorlaridan biriga aylanib, dunyo bo‘ylab futbolni rivojlantirish masalalari bilan shug‘ullanib kelmoqda va 2020 yilda u bir qator, jumladan, autni oyoqda o‘yinga kiritish, jahon chempionatini har ikki yilda o‘tkazish, erkin zarbani bir futbolchi bir necha teginish orqali o‘yinga kirita olishi va hokazo takliflar bilan birga «ofsayd chizig‘i» borasida ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgan. Boshqa takliflari ichida mantiqiyroq tuyulgan «ofsayd qoidasi» tabiiyki, o‘z tarafdorlarini topdi, ko‘proq munozaralarga sabab bo‘ldi.  

Quyidagi rasmda farqni anglab olish mumkin. Chap tomondagi tasvirda bugungi qoidalar bo‘yicha hujumchining (ko‘k libosda) ofsayd holati aks etgan bo‘lsa, o‘ng tomondagi tasvirga qarang: yangi qoida bo‘yicha, mana shu holatdagina hujumchi o‘yindan tashqari holatda hisoblanadi.

Payqash qiyin emaski, bu shunchaki gollarni ko‘paytiradigan kichik o‘zgarish emas, umuman futbolni, taktika-sxemalarni, shu paytgacha to‘plangan tahlillarni tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan islohot. Futbol atrofida, formatida doim o‘zgarishlar qilib turadigan FIFA aynan o‘yinning o‘zidagi yangiliklarga ancha ehtiyotkor yondashishi, bu borada futbol konservativlikni saqlab qolishi sir emasligini inobatga olsak, nahotki, osonlik bilan yangi qoida amal qilib ketaveradi? Agar bevosita o‘yin bilan bog‘liq o‘zgarishlarni eslaydigan bo‘lsak, oxirgisi 30 yil avvalga to‘g‘ri keladi – o‘shanda himoyachi darvozabonga oyoqlari bilan to‘pni oshirsa, qo‘l bilan o‘ynash mumkin emasligi qayd etilgan.

Aslini olganda, o‘zgarish haqidagi gaplar yangilik emas. Vengerning taklifi ham, bu qoida tariqasida bir qator davlatlarda sinovdan o‘tayotgani ham bor gap, ammo bu bosqichdan xabarlarda tilga olinayotgan, rosmana qoidalarga o‘zgartirish kiritilishi orasida juda katta masofa bo‘lib, bu hatto bir necha o‘n yillarga cho‘zilishi mumkin. Bu darajadagi islohotlar Xalqaro kengashning barcha darajalarida muhokamaga qo‘yilishi lozim, Vengerning taklifi hatto bu bosqichga ham yetib kelmagan.