O‘zbekiston | 21:51 / 30.12.2019
8033
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tizimi baholanadi

Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruh (Financial Action Task Force on Money Laundering — FATF) 2020 yilda O‘zbekistonga tashrif buyuradi va baholash o‘tkazadi. Bu haqda 30 dekabr kuni Bosh prokuror o‘rinbosari raislik qiluvchi Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurash bo‘yicha idoralararo komissiyasi yig‘ilishida ma'lum qilindi.

Yig‘ilishda komissiya tarkibiga kiritilgan respublikamizning 20dan ortiq vazirlik va idoralarining rahbar xodimlari hamda ekspert guruhi vakillari ishtirok etishdi.

«Asosiy maqsadimiz shu tizimdagi barcha muammolarni bartaraf etib, ayniqsa, insonning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Shu asosda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini yanada rivojlantirishimiz kerak. Milliy tizimimiz bor, shuni rivojlantirishimiz, mustahkamlashimiz va bu bo‘yicha tegishli takliflarni ishlab chiqish talab etiladi. Komissiya huzurida ekspert guruhi ham tuzilgan, ushbu guruh sohadagi xavflarni baholash milliy tizimini loyiha tarzida ishlab chiqishdi.

FATF tashkiloti O‘zbekistonga bir qator tavsiyalar bergan va shu tavsiyalardagi talablarni va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurash sohasidagi xalqaro huquqiy hujjatni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish masalasi ham yuklatilgan», deya komissiya raisi, Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaning so‘zlari keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq xavflarni baholash bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish, mazkur sohadagi milliy tizimni yanada rivojlantirishga va mustahkamlashga oid choralarni ko‘rish va takliflar ishlab chiqish, shuningdek Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning tavsiyalarini va ushbu sohasidagi xalqaro-huquqiy hujjatlarni milliy qonunchilikka tatbiq qilishni ta'minlash mazkur komissiyaning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Svetlana Ortiqova sohadagi huquqni qo‘llash amaliyotini to‘g‘rilash, tahlil qilish va ushbu yo‘nalishdagi huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon beruvchi sabab va sharoitlarni bartaraf etish zarurligini ta'kidladi.

Yig‘ilish doirasida Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi raisi Xao Tszinxuaning O‘zbekiston Respublikasining mazkur sohadagi milliy tizimini o‘zaro baholash jarayonlari boshlangani to‘g‘risidagi murojaati yuzasidan axborot taqdim etildi.

Shuningdek, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish xavfini milliy darajada baholash hisobotining loyihasi komissiya tomonidan tasdiqlandi.

Yig‘ilish yakunida milliy darajada baholash jarayonida aniqlangan xavflar va Yevroosiyo guruhi tomonidan rejalashtirilgan o‘zaro baholashni hisobga olgan holda komissiya faoliyatining kelgusidagi asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

Mavzuga oid