Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri migrantlarni vaqtincha saqlash markazidagi o‘zbekistonliklardan Kun.uz’ga murojaat kelib tushdi. Murojaatchilar o‘zlari duch kelgan muammolar haqida ma'lum qilib, foto va videomateriallar yuborishdi. Murojaat imloviy xatolar tuzatilgan holda taqdim etilmoqda.

«Krasnoye seloda (Sankt-Peterburg Migrantlarni vaqtincha saqlash markazi) 800ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari ushlab turilibdi. Ovqati, yashash sharoiti juda yomon, hayvonlaram bunaqa sharoitda yashamaydi. Konsullik va Tashqi Mehnat Migratsiya agentligi umuman yordam bermayapti. TMMAning Sankt-Peterburgdagi vakili sizlarni qaytarishga O‘zbekistonning puli yo‘q, deb umuman yordam ko‘rsatmayapti.

3-4 oydan buyon o‘tirganlar bor, oxranniklar (qorovullar) xotin-qizlarimizga yaxshi sharoit evaziga ular bilan jinsiy aloqa qilishni bir necha bor taklif qilishdi. Ular biz bilan molga qilgandek munosabatda bo‘lmoqda. Iltimos, yordam berishingizni so‘raymiz, hech bo‘lmasa, xotin-qizlarimiz va qariyalarni bu yerdan olib ketishsin», deyiladi murojaatda.

Kun.uz masala yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi rahbari Saidno‘'mon Mansurovdan izoh so‘radi. Murojaatda ayni vakolatxonaga nisbatan ham keskin ayblovlar ilgari surilgan edi.

«Sankt-Peterburgda nima bo‘lgan edi? Bu savolga javob berishdan avval, raqamlarga e'tibor berishni so‘rar edim. Shuni ta'kidlashni istardimki, bu markaz eng yiriklaridan biri hisoblanadi. Biz 2019 yil mobaynida 1800 nafarga yaqin o‘zbekistonlikni Krasnoye Selo markazidan olib chiqdik.

Endi shov-shuvli xabarlar yuzasidan rasman bayonot bersam. Vakolatxonaning Peterburgdagi vakili Zohidjon markazga bordi. Internetda tarqalgan iddaolar xususida u yerda saqlanayotganlar bilan uchrashdi.

Shu o‘rinda, markazda saqlanayotgan o‘zbeklarni videoga olgan fuqaro allaqachon O‘zbekistonda bo‘lib, yana bir e'tiborli tomoni, shov-shuvni ko‘targan ayni fuqaro jinoiy ish bo‘yicha o‘tirgan bo‘lgan. Boshqa fuqarolar bu videoyozuvlar e'lon qilinishini ham bilishmagan. Qolaversa, o‘sha videolavhadagilardan 3 nafari ham ayni vaqtda vatanga qaytgan», dedi agentlik vakili.