Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent viloyati 2020 yil arafasida – marralar, natijalar va maqsadlar haqida 5 fakt
Tobora o‘z yakuniga yetib borayotgan 2019 yil Toshkent viloyati uchun nihoyatda omadli, barakali keldi. Ayniqsa, Prezident tashrifidan so‘ng, hudud barcha sohalarda jadallik bilan rivojlana boshlanadi. Olib borilgan sa'y-harakatlarda xalq bilan muloqot va ijtimoiy himoya yo‘nalishidagi ishlarga alohida ustuvorlik berildi.
Xo‘sh, bir so‘z bilan aytganda, 2019 yilda viloyat hayotidagi eng muhim voqeliklar qaysi? Toshkent viloyati qanday natijalar, reja-maqsadlar bilan 2020 yilga qadam qo‘ymoqda? Quyida shu ana shu haqdagi 5 ta eng muhim jihatni e'tiboringizga havola qilamiz.
Birinchi fakt. Prezident tashrifi Toshkent viloyatining ijtimoiy-madaniy, iqtisodiy-investitsiyaviy muhitini tubdan o‘zgartirdi. Bu, ayniqsa, yo‘l qurilishi, ichimlik suvi, uy-joy bilan ta'minlash kabi sohalardagi natijalarda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Yil davomida:
·6850 ta uy-joy qurildi;
·1 ming 316,7 kilometr uzunlikdagi yo‘l qurildi;
·810 kilometr uzunlikdagi suv tarmoqlari qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi.
·182 ta maktabgacha ta'lim muassasasi foydalanishga topshirildi va bog‘cha yoshidagi bolalarni ta'limga qamrab olish darajasi 80 foizdan ortdi;
· 84 ta maktabda qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirildi, qo‘shimcha binolar foydalanishga topshirildi;
· Sog‘liqni saqlash tizimidagi 80 ta obekt foydalanishga topshirildi;






Ikkinchi fakt. 2019 yil davomida 1 milliard 500 million AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Bu yo‘nalishda jami 356 ta hududiy loyiha amalga oshirildi. Yil yakunida eng zamonaviy “Amirsoy” tog‘ chang‘i kurorti ish boshladi.



Uchinchi fakt. Bo‘ka tumani. Besh tashabbus aprobatsiyasi. Prezident tomonidan ilgari surilgan besh tashabbusning ijro jarayoniga barcha vazirlik va idoralar bevosita biriktirildi. Bo‘ka ulkan qurilish maydoniga aylandi.
· Mazkur ishlar doirasida tumanda yopiq amfiteatr, bolalar o‘yingohi, o‘ndan ziyod sport turlari bo‘yicha shug‘ullanishga mo‘ljallangan universal maydonlar, velosiped, samokat, skeytbord va roliklar ijarasi uchun do‘kon, yuqori tezlikdagi internetga ulangan Wi-Fi va kitob javonlariga ega Book-kafe, kutubxona, kiber sport uchun arenani o‘z ichiga olgan “Ma'naviyat va ma'rifat ekoparki" ishga tushirildi;
· “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini besh tashabbusni ijrosini o‘z ichiga olgan asosiy joy bo‘ldi. Bu yerda sport, ta'lim, madaniyat, kompyuter savodxonligi kompleks rivojlantirildi. Xotin-qizlar bandligi ta'minlandi. Sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta'lim muassasasi foydalanishga topshirildi. “Xalq kutubxonasi” qurildi. “Yoshlar bog‘i” tashkil etildi. 1978 yilda qurilgan, qarovsiz holatga kelib qolgan madaniyat uyi mukammal ta'mirlandi va jihozlandi. “Bo‘ston” jome masjidi mukammal qayta ta'mirlandi;


·Tuman markazidagi “Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi” tashkil etildi. Tumandagi umumta'lim maktablarini informatsion texnologiyalar yo‘nalishida 762 ta to‘garak tashkil etildi – 23 mingdan ziyod o‘quvchi bugun AKT bo‘yicha ta'lim olmoqda. Tumandagi jami 73 ta ijtimoiy obektga 593 kilometr uzunlikdagi optik tolali aloqa liniyalarini qurildi.
To‘rtinchi fakt. Qishloq xo‘jaligida rekordlar yili bo‘ldi.
Viloyat dehqon va fermerlarining, turli qiyinchiliklarga qaramasdan, joriy yilda 589 ming tonnadan ziyod g‘alla, 221 ming tonna paxta, 1 million 200 ming tonnadan ziyod sabzavot va poliz, 385 ming tonna kartoshka hamda 150 ming tonna bog‘dorchilik mahsulotlari yetishtirildi. Ayniqsa, 13 yildan beri davlatga paxta sotish rejasini bajara olmay kelayotgan Toshkent viloyati bu yil vazifani sharaf bilan uddaladi. Bunda hududda Prezident topshirig‘i bilan agroklaster tizimi yo‘lga qo‘yilgani hal qiluvchi rol o‘ynadi.



Beshinchi fakt. 2019 yilda Toshkent viloyatiga 900 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Ichki turizm yo‘nalishi bo‘yicha tashrif buyurgan miqdori 3 million nafardan ortdi. O‘z navbatida, viloyatda turizm infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Ayni paytda hududda 46 ta turoperator, 86 ta mehmonxona ishlab turibdi.


Toshkent viloyatida yil yakunlarini sarhisob qilar ekanmiz, alohida e'tiborga molik yana bir qancha voqeliklarni minnatdorlik hissi bilan eslaymiz. Xususan, mamlakat rahbari viloyat mutasaddilari oldiga qo‘ygan vazifalarni bekamu ko‘st ado etish uchun respublikamizning oltita katta rahbari hududlarga biriktirildi. Eng muhimi, ana o‘sha shiddatli jarayoni Toshkent viloyatidagi barcha korxona va tashkilotlarning rahbar kadrlari, hokimlarimiz uchun ibrat maktabi, sinov maydoni bo‘ldi.
Biz yaxshi tushunamizki, barcha sohalarda yuksak marralarga erishish, vazifalarni bekamu ko‘st bajarish oson. Lekin, oldimizda turgan eng muhim vazifa nima ekani haqida gap ketsa, shak-shubhasiz, odamlarimizda paydo bo‘lgan ko‘tarinki kayfiyatni, islohotlarga daxldorlik hissini yanada yuksaltirish, deb javob berish mumkin. Aytaylik, “Nurafshon siti”ni qurish oson, Nurafshon ruhi, kayfiyatini yaratish qiyin. Toshkent viloyati mutasaddilarining shu paytgacha bajargan ishlari, bundan keyingi barcha sa'y-harakatlarning pirovardida ana o‘sha maslak yotadi.
Kuni kecha Toshkent viloyati hokimligi tomonidan faollar ishtirokida yil yakuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi. Toshkent tumanidagi «Zuhriniso» to‘yxonasida o‘tkazilgan marosimda yil davomida o‘z faolligi bilan ajralib turgan rahbarlar, fan, ta'lim, madaniyat va sport sohasi vakillari viloyat hokimligi tomonidan taqdirlandi.


Yilning eng yaxshi quruvchisi – “Qo‘hinur Madad qurilish mas'uliyati cheklangan jamiyati Odiljon Abdulazizov;
Yilning eng yaxshi sportchilari – Dilnoza Rahmatova (baydarka va kanoe), Elmurat Tasmurodov (yunon-rum kurashi), Murod Xolmurodov (velosport), Madiyar Saydrahimov (Boks), Svetlana Osipova (Taekvondo), Azizbek Islombekov (Karate), Sardor Odilov (universal jang);
Eng yaxshi maktab direktorlari – Larina Eleonora (Chirchiq shahri, 9 maktab), Rahmonberdi Suyarov (Parkent tumani, 23 maktab), Husan Boynazarov (Olmaliq shahri, 5 maktab), Lenura Baydullayeva (Olmaliq shahri, 16 maktab), Gulnora Shermatova (Angren shahri) 12 maktab;
Eng faol maktabgacha ta'lim tashkiloti mudiralari – Dilfuza Sulaymonova (Oqqo‘rg‘on tumani, 17 maktabgacha ta'lim maskani), Shoira Nazarova (Chinoz tumani, 36 maktabgacha ta'lim maskani), Dilbar Qurbonova (Bekobod tumani, 29 maktabgacha ta'lim maskani), Venera Tursunqulova (Quyi Chirchiq tumani, 7 maktabgacha ta'lim maskani), Fotima Oxunova (Yangiyo‘l tumani 1 maktabgacha ta'lim maskani);
Yilning eng yaxshi sog‘liqni saqlash sohasi xodimi – Xolida Shonosirova (Viloyat ixtisoslashtirilgan somatika shifoxonasi shifokori);
Eng yaxshi yosh ijodkorlar – Fazilatxon Yoqubova (Bo‘ka tumani), Iroda Rahmonaliyeva (Chinoz tumani);
Toshkent viloyatini respublika OAVlarida eng faol yoritgan jurnalist – Qutfullo Abduxoliqov (O‘zbekiston24);
Toshkent viloyati miqyosida eng yaxshi axborot xizmati rahbari – Bobur To‘laganov (Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati);
Eng faol jurnalist – Abdulla Ma'diyev (“Oqqo‘rg‘on ovozi” gazetasining bosh muharriri);
Toshkent viloyatidagi eng yaxshi bloger – Dilfuza Ro‘ziyeva (@olmaliqhayoti telegram kanali ma'muri)
Shuningdek, yil davomida o‘z faolligi bilan ajralib turgan, mehnatni tashkil etishda alohida jonbozlik ko‘rsatgan sektor rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari ham esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati
Mavzuga oid
11:20 / 22.06.2026
Bo‘stonliqda kanalga tushib ketgan ikki boladan birining jasadi topildi
21:23 / 20.06.2026
Qibrayda avtomobilda qizlarga uyatsiz harakat qilgan yigitlar 5 sutkaga qamaldi
16:47 / 19.06.2026
Toshkent viloyatida ekologiya mas’ullariga qat’iy choralar ko‘rildi
08:45 / 16.06.2026