O‘zbekiston | 13:11 / 03.01.2020
7171
2 daqiqa o‘qiladi

Qimmatbaho metallar bilan faoliyat ko‘rsatishning ayrim turlari faqat davlat tomonidan amalga oshiriladi

Foto: Shutterstock

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Hukumat tomonidan “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi kiritildi.

Parlament saytida yozilishicha, loyihada qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar davlat egaligida bo‘lgani singari yuridik va jismoniy shaxslar egaligida ham bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan. Ulardan foydalanishning tavsifi va xususiyati hisobga olinganda, ko‘proq qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar davlat tomonidan tartibga solinishi ko‘zda tutilgan. Mazkur jarayon yasalgan zargarlik va boshqa buyumlar ishlab chiqarilishini litsenziyalashtirish, affinaj faoliyatini litsenziyalash, asillik nazoratini amalga oshirish yo‘li bilan qimmatbaho metallar hamda qimmatbaho toshlar muomalasiga davlat nazoratini o‘rnatish, Markaziy bankining oltin-valuta zaxirasini to‘ldirish uchun qimmatbaho metall yetkazib berish bo‘yicha davlat buyurtmasi hamda uning bajarilishini nazorat qilish shartlari asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan faoliyat ko‘rsatishning ayrim turlari (tangalar, ordenlar, standart va o‘lchamli yombilar)ni ishlab chiqarish faqat davlat tomonidan amalga oshirilishi qonuniy mustahkamlanmoqda.

Qonun loyihasini ishlab chiqishda Rossiya Federatsiyasi, Ozarboyjon, Belarus, Hindiston, Kanada, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston hamda Vena konvensiyasini ratifikatsiya qilgan 19 ta davlatning ilg‘or tajribasi va qonun hujjatlari tahliliy o‘rganib chiqilgani aytiladi.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasida ishchi muhitni takomillashtirish bilan bir qatorda, tadbirkorlik sub'yektlari uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar beradi, deyiladi ma'lumotda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid